Qoyilmaqom majlis (hajviya)

Viloyat boshqarmasiga vazirlikdan sim qoqishdi. Joyida amaliy yordam ko‘rsatish uchun mutaxassis yuborishayotgan ekan. Yig‘ilish biror xo‘jalik dalasida o‘tkazilishi alohida ta’kidlanib, unda tegishli rahbarlarning to‘liq ishtirokini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Boshqarma boshlig‘i mazkur topshiriq bilan tanishar ekan, o‘rinbosarini huzuriga chorlab, shu haqda aytdi.
O‘rinbosar iymanib bo‘lsa-da, e’tiroz bildirdi:
– O‘zi kuni kecha rahbarlarni chaqirgan edik. Har kuni yig‘ilish o‘tkazaverish qanday bo‘larkan?
– Vazirlikka odamingizni yubormang, deb aytaymi? – Boshliqning kesatishdan ko‘ra kuyinib aytgan gapidan mazkur tashrif unga ham xush yoqmagani sezilib turardi. – Mutaxassis soat o‘n birlarda kelarkan. Guliston xo‘jaligining shiyponini tayyorlang. Shundoq yo‘lning ustida.
O‘rinbosar yig‘ilishga taklif etilganlar ro‘yxatini tuzib, uni bo‘lim boshlig‘iga topshirdi.
– Yig‘ilish vaqtini soat o‘nga belgilaylik, – dedi bo‘lim boshlig‘i ehtiyotkorlik yuzasidan, – Ayrim rahbarlarning yig‘ilishga kechikib kelish odati bor, bilasiz-ku!
– Ha... ma’qul.
Shunday qilib tumanlarga yuborilgan xabarnomada yig‘ilish vaqti soat o‘n qilib belgilandi.
Tuman rahbarlariga ba’zi xo‘jalik rahbarlarining yig‘ilishlarga kechikib kelishi ma’lum bo‘lgani bois ularning xo‘jaliklarga yuborgan xabarnomasida yig‘ilish o‘tkazish vaqti soat to‘qqizga deb o‘zgartirildi.
Aksariyat rahbarlarning yig‘ilishga aytilgan vaqtdan bir oz oldinroq borish odati bor. Shunday qilib soat sakkiz yarimdan Guliston xo‘jaligi shiyponiga to‘plana boshlashdi. Soat o‘nga bormay deyarli barcha rahbarlar majlisga kelib bo‘lishgandi.
Oradan yarim soatlar o‘tib, o‘tirganlar orasida betoqatlik alomatlari sezila boshladi. Hatto, bir-ikki kishi o‘rnidan turib, shiypon binosining orqasiga o‘tib ketdi. Ba’zilar esa sal uzoqroq bo‘lsa-da, shiypon yonidan o‘tib ketgan asfalt yo‘l yoqasidagi ekilgan tutlarga qarab yo‘l oldi.
Yig‘ilganlar orasida Guliston xo‘jaligi rahbari xijolatdan o‘zini yanada noqulay sezayotgandi. Shiypon yonidagi hojatxona guvaladan barpo etilgani bois u o‘tgan gal boshqarma boshlig‘idan tanbeh eshitgan, zamonaviyroq qilib qurishga topshiriq bergandi. Ustalar esa, mana, marhamat – ishni eskini buzishdan boshlab, hojatxonani tag-tugi bilan olib tashlashgandi.
Soat o‘n birdan o‘tib ham katta rahbarlardan darak yo‘q edi. Havo issiq, chanqoq tufayli og‘izlar qurib qolgan. Hammaning ko‘zi minbardagi stol ustida turgan ikki shisha ma’danli suvda! Lekin unga qo‘l tegizishga hech kimning haddi sig‘maydi.
Soat o‘n ikkiga yaqin o‘rinbosarning qo‘l telefoniga sim qoqqan boshqarma boshlig‘i mehmonlar bir oz ushlanib qolishgani, yig‘ilish ikkida o‘tkazilishini ma’lum qildi.
O‘rinbosarning boshi qotdi. Agar hozir o‘tirganlarga tushlik uchun javob berib yuborsa, ularni qayta yig‘ish muammo bo‘ladi. Yaxshisi, bezovta qilmagan ma’qul.
Vazirlikdan yuborilgan vakil soat ikkiga yaqin boshqarma boshlig‘i bilan kirib keldi.
Kutishdan toliqqan ikki yuzta rahbar, nihoyat yig‘ilish boshlanishi, boshlangan yig‘ilishning esa tugashi aniq ekanini o‘ylab, jonlanib qolishdi.
Boshqarma boshlig‘i shunday qizg‘in pallada rahbarlarni yig‘ishdan maqsad mahalliy o‘g‘itning ekinlarga ta’siri haqida hurmatli mutaxassisning qimmatli maslahatlarini olish ekanligini aytib, mehmonga so‘z berdi.
Issiq yoki tushlikning ta’siridanmi, yuzlari qizarib ketgan mehmon o‘rnidan turib beixtiyor burnini jiyirdi.
Jazirama issiq shiypon atrofiga yangi tushgan mahalliy o‘g‘itning hidini atrofga taratar, vazirlikdan kelgan mutaxassisning yuzidagi o‘zgarish shuning ta’siridan ekanligini hamma sezib turardi. U ma’ruzani boshlashi bilan ko‘zlar asta-sekin yumila boshladi.
Xurshid Nurullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter