Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorin iqtisodiyoti

Qorin iqtisodiyoti

Foto: «Cartoonbank.ru»

Yaqin jo‘ramiz to‘y qilayotgan edi. Iqtisodchi o‘rtog‘im Mirg‘ani bilan to‘yxonaga yo‘l oldik. Mirg‘ani qurg‘ur zo‘r iqtisodchi. Ammo juda ezma, hamma narsani hisob-kitob qilaverib, miyangizni qoqib qo‘lingizga beradi. Shuning uchun unga tayinladim: «To‘yda maza qilib yayraylik, har turli raqamlarni qalashtirib boshimni aylantirma, xo‘pmi?».

U mendan biroz ranjidi, keyin «hayotning o‘zi oddiy arifmetika-ku» deb to‘ng‘illadi. Bunga ham ko‘nuvdim, to‘yxonaga kirganimizdan so‘ng yonimizda o‘tirib qolgan bir qorindor kishidan hech ko‘z uzmasa bo‘ladimi? U ham buni sezib, ancha xijolat tortdi. Lekin Mirg‘ani qorni qozonday kishining bo‘y-basti, savlatiga qarab, nimanidir hisob-kitob qilar, fikri-zikri shu odamda edi. Uni turtib, «Jim o‘tir axir, bu to‘yxona bo‘lsa, bu odam ham to‘y egasining yaqinlaridan biridir» desam ham ko‘nmadi. Bunday imkoniyat yana bo‘ladimi, yo‘qmi deb pichirlab, allambalolarni qo‘shib-ayirardi.

O‘sha qorindor ham anoyi emas ekan. Naq besh kishining ovqatini yesa bo‘ladimi? Besh tovoq oshni ko‘rdim demadi-yey. Ikkinchi taomdan ham rosa tanovul qildi. Baqbaqalari osilib qolgan, qorni naq doshqozonni eslatadigan bu kishi to‘yga qorin g‘amida kelgandek edi go‘yo. Yon-atrofiga qaramas, musiqani ham tinglamas, birov bilan gaplashmas, fikri zikri taomda edi.

To‘yda xizmat qilayotganlar ham nuqul unga ovqat tashish bilan andarmon. Ovqatni ko‘p yesang, ovqat seni yeydi degan gap bor. Axir buncha taomni hazm qilish ham bor-ku. Undan keyin odam harakat qilmasa, sport bilan sho‘g‘illanmasa oxiri voy. Bu odam oyog‘ini yerdan bir qarich ham ko‘tara olmasa kerak. Hamma kasalliklar harakat qilmaslikdan kelib chiqadi. Shuning uchun ham harakatda barakat deyishadi-da. Yesa o‘zining qorniga yeyapti, bizga nima desak ham bo‘lardi, lekin Mirg‘ani bularning hammasini kuzatib, sarhisob qildi-da, keyin menga yuzlandi.

— Bo‘ldi, hisobotni tugatdim, — dedi u mamnun holda.

— Qanaqa hisobot, manavi kishining yegan taomimi? – dedim hayron bo‘lib.

«Qorin iqtisodiyoti», — dedi u va bir boshidan gapira boshladi:

— Uning bir o‘zi besh kishining ovqatini yer ekan. Bunga o‘zing ham guvoh bo‘lding. Agar uning qorni bunchalik katta bo‘lmaganida to‘rt kishining taomi tejalardi, to‘g‘rimi? Endi qara, bir kishi ertalab, tushda va kechqurun 10 ming so‘mlik taom tanovul qilsa, bu to‘rt kishiga 40 ming so‘m bo‘ladi. U har kuni 40 ming so‘mlik ortiqcha taom yeyapti, to‘g‘rimi? Demak, bu bir oyda 1 million 200 ming so‘m, 1 yilda 14 million 400 ming so‘mga yetadi.  3 yilda  43 million 200 ming so‘m yoki yap-yangi, moyi artilmagan bitta «Neksiya» degani. Agar u 10 yildan buyon shu qorinni ko‘tarib yurgan bo‘lsa,  bu qorin uchta «Neksiya»ni yamlamay yutib yuborgan. Mana buni qorin iqtisodiyoti deydilar.

Hech o‘ylamagan ekanman, bu qorin deganlari kattalashib ketsa, tuyani ham yutib yuborish hech gapmas ekan-yey. «Tur, uyga qaytamiz, shuncha yeganimiz yetar» deb Mirg‘anini ergashtirib to‘yxonadan chiqdim. Mirg‘ani meni do‘konga sudradi, sigareti tugab qolibdi.

— Shoshma, — dedim unga. — Sigaretni qachon sotib oluvding?

— Ertalab, uyimiz yonidagi do‘kondan 3 ming so‘mga oluvdim.

— Yaxshi, endi ikkinchi qutini olmoqchisan, shundaymi?

— O‘v, nimalar deyapsan, har kuni ikki quti sigaret chekaman, gohida uch quti ketib qoladi.

— Endi menga ayt-chi, necha yildan buyon chekasan?

— Nima, meni tergov qilayapsanmi? Bilasan-ku, 15 yildan oshdi. Undan oldin birovlardan so‘rab chekardim.

— Sigaretga ketgan puling bir kunda 6 ming so‘m, 1 oyda 180 ming so‘m, 1 yilda 2 million 160 ming so‘m bo‘lar ekan. 15 yilda 32 million so‘mdan oshgan. Mirg‘ani, sen ham bitta moyi artilmagan, yap-yangi «Neksiya»ni chekib yuboribsan-ku!

— Nima, nahotki, yo‘g‘-yey, — deb e’tiroz bildirgan Mirg‘ani keyin xomcho‘t qilib ko‘rgach, boshini changallab qoldi. U «Essiz “Neksiya”» deb pichirlar, 15 yil chekib, sigaretga sarflagan puliga achinardi. U shu vaqtda o‘pkasi ilma-teshik bo‘lib ketgani, salomatligini yo‘qotgani haqida qayg‘urmasdi. Balki vaqti-soati kelib, «Neksiya» sotib olish mumkindir, lekin boy berilgan sog‘liqni topib bo‘ladimi? Men ham chakki emas ekanman. O‘rtog‘imning kashandalik davrini shartta tahlil qilib tashladim-yey, endi u chekishdan butkul yuz o‘giradi. Shu xayollar bilan unga yuzlandim: 

— Mirg‘ani,  yo‘lning o‘rtasida qoqqan qoziqday turaveramizmi? Ketaylik endi.

— Shoshma, jo‘ra, hozir do‘konga kirib sigaret olib chiqaman...

Faxriddin Bozorov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring