Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ochiq muloqot «ol, chiq muloqot»mi?

Ochiq muloqot «ol, chiq muloqot»mi?

Foto:«Movp.ru»

Eshitdinglarmi... eshitdinglarmi, hokim buvamiz ochiq muloqot o‘tkazarmish. Yana Toshkentdan kelgan ishchi guruhi ham qatnashadi, deyishyapti. Bu bayram ustiga to‘yona degandek gap. O‘zi ochiq muloqot deganlari zap narsa chiqdi-da. Xuddi teskari bozorga o‘xshaydi: oluvchi ham bor, beruvchi ham, hatto ba’zan dallollarni ham uchratasan. Teskari deyishimning sababi esa, bozorda hamma naqdiga qarab muomala qiladi. Bu yerda esa, kissangda puling qancha kam bo‘lsa, shuncha ko‘p narsa olishing mumkin.

O‘zim uch marta shunday mavridda qatnashdim. Birinchisida, sal tajribasizroq edim, xotinimga tikuv mashinasi olib qaytdim. Ikkinchi, uchinchilarida ancha pishib qoldim. Birida sigir olish uchun kredit olgan bo‘lsam, bittasida omadim chopib, jiyanimga uy ham undirib keldim.

O‘zingiz ayting, kattakonlar tilla baliqchaday «tila tilagingni» deb turganida or-nomus qilishga balo bormi? Kap-katta erkakligimga qaramay, «O‘zim ikkinchi guruh nogironiman, xotinim uy bekasi. Chol-kampir bir bo‘lib, yetti bolani oq yuvib, oq tarab katta qildik. Uchtasi o‘zimniki, to‘rttasi bevaqt qazo qilgan akamning sag‘irlari. O‘zimga demayman, bolamga demayman. Shu akamning kenja o‘g‘li yaqinda uylandi. Davlatimiz shunga otalik qilib, bir uy bersa, akamning ruhi chirqillamasmidi? Qo‘lim kalta bo‘lmagandami...» deb ko‘zimga yosh oldim. Chunon so‘rasang, so‘qir ko‘zdan ham yosh chiqadi, deganlariday, qolganlar ham g‘amimga sherik bo‘ldi. Toshkentlik mehmonlarning oldida semirishni istagan hokim buva ham ortiqcha gap-so‘z qilib o‘tirmadi. Men ham rahmat aralash hokimni Xizrga qiyoslab, maqtovini keltirdim.

Mana, bugun ham Tekintomoq qishlog‘idagi maktabning faollar zalida ochiq muloqot uyushtirilayotgan ekan. Zalga kirarkanman, tumonat odamni ko‘rib ko‘zlarim tindi. Odamlar g‘o‘ng‘illayotgan ariga, zal esa ari uyasiga o‘xshaydi. Go‘yo hamma azaga kelganday tund qiyofada. Bir chekkada yig‘layotgan ayollar rumolining uchi bilan ko‘z yoshini surtadi. Qulog‘i og‘ir chollar bir-biriga baqirib, dardini aytadi. Ko‘rgan odam bir falokat bo‘lib, Tekintomoqni sel bosganu qishloq ahli bor mol-mulkidan ayrilib, nima qilarini bilmay o‘tiribdi, deb o‘ylaydi.

Men bu odamlarning ko‘pchiligini avval ham ko‘rganman. Yo mana shunday muloqotlarda, yo bo‘lmasa, «Xalq dardxonasida» uchrashganmiz. Adashmasam, meni ham otni qashqasiday tanishadi. Birdan hamma jim bo‘lib qoldi. Tik turganlar ketiga o‘t ketganday o‘tirishga joy izlab, zir yuguradi. Demak, tomosha boshlandi...

Avvaliga bir ayol o‘rnidan turdi. Gapni indallosidan boshladi: «O‘n ikki birday jon chumoli iniday joyda umrguzaronlik qilamiz. Uchta ovsin, yigirma yoshdan oshgan to‘rtta qaynukamiz bir hovlida yashashga qiynalyapmiz. Sharoitimiz og‘ir. Erim ish topolmayapti. Barcha sharoitlarga ega uyga muhtojmiz», — deya xomush tortdi.

— Barcha sharoitga ega uy hammaga kerak, — dedi hokim buva muloyim ohangda. So‘ng kelinchakning yig‘lab yuborishidan qo‘rqib, tezda yonidagi o‘rinbosarlariga topshiriq berdi.

Eh, kelin tushmagur, shu joyida xato qildi. Xo‘p, o‘n ikki kishi tiqilib qoldik, deding, yana to‘rtta devsifat qaynukam bor deyishga balo bormidi? Aytmaydimi, yetti birday erkak ishlasa bo‘lmaydimi, deb. Undan keyin hamma sharoiti bor uy emish. Kamtarlik qilib, arzon uylardan so‘rab qo‘yaversa ham bo‘lardi. Hokim buva ham yonidagi mehmonlardan uyalib, churq etmadi. Boshqa vaziyat bo‘lgandami? «Qizim, eringiz bilan to‘rt qaynukangizga atlas kiydirib, raqsga tushiring. Uyalmaysizmi, ayol boshingiz bilan bu yerga kelib, uyingizda shuncha erkak bor ekan»,  degan bo‘lardi.

So‘ng soqollari selkillagan bir boboy o‘rnidan turdi. Ko‘rgan odam shu holiga bu kishiga bir yarim metrcha yerdan boshqa narsa kerak emas, deb o‘ylaydi. Gapni uzoqdan, Ikkinchi jahon urushidan boshlab qoldi o‘ziyam. Ja ustamon, gapni ko‘zini o‘yadigan odam ekan. Shuncha muloqotlarda bo‘lib, bunaqasini birinchi ko‘rishim. Faqat bir joyida ozgina shoshma-shosharlik qildi. Naq ikki nevarasiga tadbirkorlik qilish uchun kredit so‘radi. Ah, chakki qildingizda boboy. Bu tegirmon ham navbati bilan deganlar, bugun bittasiga keyingisida ikkinchisiga so‘rayverardingiz. Uning ustiga nevarangizning birini yetaklab kelmaysizmi, «biznes g‘oyam bor», «vatanimga xizmat qilmoqchiman», demaydimi, bobong o‘rgilsin. Otalarcha mehribonlik bilan kattalar aytgan pulini bervormaydimi-a, nima dedingizlar?!.     

Bu odamdan keyin bir ayol o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Boyadan beri yig‘lashdan o‘zini to‘xtatolmayotgan ayolning o‘rnidan turganini ko‘rib, hokim buva ham unga e’tibor qaratdi. Ayol turdi, ammo hali-hanuz o‘zini yig‘idan to‘xtatolmasdi. «Nima demoqchisiz, gapiring, gapirsangiz-chi, shuncha odamning vaqtini olmay», — deya qistayvergach, indamay o‘zini tashqariga urdi.

Eshikdan chiqayotgandagina tanidim. Orqa ko‘chadagi Sharofat ekan. Bitta o‘g‘lining aqli zaif, bir o‘g‘li esa yurolmaydi. Shishani ko‘rsa, ichiga kirib oladigan eri: «Sen ham butun bola tug‘asanmi, o‘zi yo‘q. Bu chalalaringga o‘zing qara» deb, tashlab ketganiga ikki-uch yil bo‘ldi. Juda nochor hayot kechiradi. Sharofat rol o‘ynashi ham shartmas. Shunchaki, boshidan o‘tganini aytib bersa, olam guliston edi.

Eh, shu ayolning o‘rnida bo‘lganimdami, naq bir hovlining kalitini uyga olib ketardim-a. Yana o‘g‘illarimni to‘lovsiz imkoniyati cheklanganlar maktabiga joylardim. O‘zimga tikuv sexi, shirinlikmi, ishqilib, bitta sex ochtirib olardim, vasallom. Shunday imkoniyatni havoga uchirdi-ya. Iya, Sharofatning dardi bilan bo‘lib, o‘zimning gapim yodimdan ko‘tarilibdi-ku. Hayallamay, ochiq muloqot ham tugab qoladi. Qo‘limni burnimga tiqib uyga kirib bormanmi keyin. Hoy odamlar, shoshmanglar, bir og‘iz gapim bor, shoshmanglar...

Xanjarbek

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring