Hokimning tabarruk mushti (hajviya)
— Voy, dadajonisi, sizga nima qildi? Qaysi og‘zidan qoni kelgur sizni bu ko‘yga soldi! Ha, sizni urganning qo‘llari akashak bo‘lsin-a! Shunaqayam uradimi, dabdalangizni chiqaribdi-ku! Endi nima qilaman, «Tez yordam» chaqiraymi? Hozir...
— To‘xta, hech qanday tez yordam kerak emas, — dedi Soli fermer inqillab. — Xotinjon, meni kaltak yeganimni hech kimga aytma, birov bilmasin, imi-jimida davolanaman, tushundingmi?
— Nima unday deysiz, sizga qo‘l ko‘targan o‘sha zo‘ravonni yoqasini yirtmasam men Norgul otimni boshqa qo‘yaman. Ayting, kim u? Hov, anavi har kuni ichib yuradigan Sharif shef urdimi? Nega yashirasiz? Or bormi sizda? Qani sizdagi yigitlik sha’ni, g‘ururi? Nahotki, kaltak yeb, tag‘in quyonday pisib yotsangiz?
— Or ham, nomus ham yo‘q menda! G‘ururimni ham shu 20 gektar yer uchun qancha toptashsa ham roziman! Nima qilay, seni deb, bola-chaqani deb oru g‘ururimdan ayrilib turibman. Tuman hokimi «pillani nega bajarmading?» deb tarsaki tushirganida, och biqinimga tizzasi bilan urganida 20 gektar yer qo‘ldan ketmasin deb jim o‘tirdim. Pilla planini to‘ldirmagan, g‘o‘zasini o‘t bosgan fermerlarni qator qilib, bir boshidan hokim do‘pposlaganida hammasi jim tayoq yeyaversa-yu, bitta men oru nomusim uchun hokimni qo‘lini qaytaramanmi? Qaytarsam bilasanmi, nima bo‘ladi? Yer qo‘ldan ketadi. Yerdan-ku, baraka topayotganim yo‘q, shu atrofiga 4-5 bosh qoramol boqayapman- ku, 15-20 bosh qo‘y-qo‘zi shu yer chetida ko‘payib yuribdi. G‘allani davlat olayotgan bo‘lsayam, somonini sotayapman. Paxtani davlatga topshirib, g‘o‘zapoyasini sotib tirikchilik qilayapman-ku! Xotin, bilasan-ku, mushtim zarbini! Hokimni bir ursam o‘rnidan tura olmay qoladi. Zamon ko‘tarmaydi- da. U hokimda, yo‘qsa, o‘zim bilardim nima qilishni.
— Jim bo‘ling, dadasi, jim bo‘ling! Gapingizni hech kim eshitmasin. Sizni o‘zim davolayman. Hech narsa qilmaydi, hokimni o‘rgani siylagani. Uning tabarruk qo‘llari sizga tegibdimi, buyam bir omad!
— Hoy, qo‘shni, kim bor!
— Xotin, qara, qo‘shning Nazira jag‘-jag‘ keldi- yov.
— Norgul qo‘shni, boya «ha sizni urganning qo‘llari sinsin» deb baqirayotuvdingizmi?
— Yo‘g‘ey, nimalar deyapsiz, xo‘jayinni hech kim o‘rgani yo‘q.
— Nimaga yashirasiz, tuman hokimi uribdi-ku! Ana, bizning xo‘jayin ham inqillab yotibdi hokim bovadan kaltakni yeb. «Soli fermerni hokim yerga uykalab tepdi» deb aytdi-ku! Shu jahlim chiqib kelayotuvdim, qo‘shnijon! «Ekspert»mi pekstpertmi qilib, zo‘rovon hokimning ta’zirini bermaymizmi? Nima, yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolib ketaveradimi?
— Bilmasam, dadasi «hech kimga aytma» deyapti-ku! Bo‘lmasa, tunu kun uxlamay pilla boqqandik. Reja to‘lmay qolgan bo‘lsa, bizda nima ayb? Navi yaxshi emasdir. Barg yetmagandir. Shunga fermerni tepkilash shartmi? Yo‘qsa, pillani o‘z uyimizda boqdik-ku! Uyimizga boqqanimiz uchun ijara haqiyam so‘raganimiz yo‘q. Elektr energiyasi haqini o‘zimiz to‘ladik. Shaharda «dom»ni ijaraga berish falon pul turadi. Biz esa mehmonxonamizni bo‘shatib, pilla boqdig-a! Shu xizmatimiz evaziga olganimiz kaltak bo‘ldi, qo‘shnijon.
— Eshitdingizmi? Plani to‘lmaganlarga ishbilarmonlar «qorapo‘chok» (past sort pilla) sotayotgan emish, — dedi Nazira jag‘-jag‘. — Bizning xo‘jayin ham 3 million so‘mlik ana shu pilladan sotib olib, planni to‘ldirmoqchi. Agar o‘zimizning shaxsiy jamg‘armamizdan pilla uchun 3 million so‘m sarflasak, uni boqqandan bizga nima foyda? Qilgan mehnatimiz zoye ketadi-ku!
— Dadasi, mahallaning raisi Xolmamat aka keldi. Hamma kaltak yeganlarning uyiga kirib chiqayotgan ekan.
— Ey, Solivoy, qalaysiz, nega teskariga o‘girilasiz, menda nima ayb, — dedi Xolmamat rais. — Ko‘pga kelgan to‘y, endi hokimam nima qilsin, shunday qilib ishlatmasa kim ishlaydi? Hamma fermer o‘zbilarmon bo‘lib ketgan. Dalasini o‘t bosib yotibdi, pillaga qaramaydi, shunday bo‘lgach, hokimning jahli chiqadi-da. Qattiq gapirgandir, qo‘l ko‘targandir, shunga shunchami? «Onamizdan so‘kdi» deysanmi? Ey, Solivoy, koshki sen bunday gaplarni eshitmay yurgan bo‘lsang. Qo‘y shu gaplarni, bo‘ladiganidan gapir. Endi nima qilmoqchisan?
— Hammasidan voz kechib, Rossiyaga ketmoqchiman, — dedi Soli fermer ko‘ziga yosh olib.
— Chakki qilasan. Fermer degan noming bor, shuncha yer senga ishonib topshirilgan, ishni davom ettir. Mana, men yoningdaman, birgalikda ishlaymiz. Kaltak yegan faqat men deyapsanmi? Axir men ham bebahra qolganim yo‘q. Anavi fermer ayolga hokim shunday ko‘pol gap aytdiki, eshitsa ilon po‘st tashlaydi-ya! Shu ayol jim ishlab yurganida sen Rossiyaga ketmoqchimisan?
Xolmamat rais tashqariga chiqar ekan, o‘ziga o‘zi dedi:
— Kaltak yegan fermerlarning hammasi ishlamayman deyapti, endi hokimga nima deyman?
Faxriddin Bozorov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter