Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qanday qilib milliarder bo‘lgan? Maykl Blumberg 80 yoshda (foto) 

Qanday qilib milliarder bo‘lgan? Maykl Blumberg 80 yoshda (foto) 

Foto: AP

Tadbirkor va siyosatchi Maykl Blumberg bugun 80 yoshini qarshiladi. «Forbes» boyligini $70 mlrd.ga baholagan, qatorasiga uch muddat Nyu-York shahri meri bo‘lgan insonning sermazmun faoliyati foto va jumlalarda.

Maykl Rubens Blumberg 1942-yilning 14-fevralida Bostonda tavallud topgan. Jons Hopkins universitetida tahlil olish chog‘i avtoturargohda ishlab, o‘qishining pulini to‘lagan. 1964-yili Blumberg elektr muhandisi bakalavr diplomini, oradan ikki yil o‘tib Garvard universiteti biznes maktabining magistrlik darajasini olgan.


Mavzuga oid: Maykl Blumberg: «Uoll-stritda bir dunyo boylik topaman deganlarning kamdan-kamiga omad kulib boqqan»


Universitetdan so‘ng Blumberg «Salomon Brothers» moliya korporatsiyasiga ishga kirib, bosh hamkor lavozimigacha ko‘tarildi. Oradan 15 yil o‘tib, «Salomon Brothers» yangi xo‘jayin qo‘liga o‘tgach, Blumberg ishsiz qoldi. 1981-yilda o‘z firmasi, bozorlardagi vaziyat haqida axborot tarqatuvchi «Bloomberg LP»ga asos soldi. Blumberg imperiyasi shunday boshlangan.

«Strategik rejalashtirishni emas, harakatlanishni yoqtiraman».

Maykl Blumberg (chapda) milliarder va AQShning bo‘lg‘usi prezidenti Donald Tramp bilan, 2001-yil.
Foto: «Shutterstock»

«Bloomberg» kompaniyasining taraqqiyoti tadbirkorni milliarderga aylantirdi. 1996-yildan boshlab olti yil o‘z nomiga qo‘yilgan Sog‘liqni saqlash maktabi ochilgan Jons Hopkins universiteti boshqaruvi raisi bo‘ldi. Xayriya ishlariga faol kirishgan Blumberg bu ishlarga qariyb 5 milliard dollar sarfladi.

Foto: AP

«Tinimsiz va serzahmat mehnat muvaffaqiyatga erishish uchun imkoniyatni ko‘paytiradi. Biroq hech narsa kafolatlanmagan: so‘nggi pallada omad yuz burishi hech gapmas».

Rossiya prezidentining AQShga tashrifi chog‘i Vladimir Putin bilan, 2003-yil.
Foto: «Reuters»

2000-yillarning boshlaridan Blumberg katta siyosatga diqqatini qaratdi. Biznesda tavakkalni baholash bo‘yicha to‘plagan tajribasini ishga soldi: sobiq faol demokrat Nyu-York meri lavozimi uchun nomzodini raqobat pastroq respublikachilar tomonidan qo‘yib AQShning eng yirik shahriga hokim bo‘ldi.

Foto: AP

Birinchi ish kuniyoq, shaharliklarning pulini sarflashni istamayman deb, o‘zining maoshini 1 dollar qilib belgiladi. Blumberg — Nyu-Yorkni ketma-ket uch muddat boshqargan ilk hokim.

Foto: AP 

«Yakshanba kechasini boshqacha yaxshi ko‘raman, chunki ertasiga tongda uyg‘onib, meni oldinda ajoyib besh ish kuni kutayotganini his etaman».

Chapdan o‘ngga: AQShning 42-prezidenti Bill Klinton, uning qizi Chelsi, Nyu-York meri Maykl Blumberg rafiqasi bilan hamda senator Hillari Klinton (Bill Klintonning rafiqasi) 2009-yilning kirib kelishini Tayms-skverda nishonlashyapti.
Foto: «Reuters»
Foto: AP

«Bloomberg LP»ning 88 foizi Maykl Blumbergga tegishli, kompaniya 100 dan ortiq mamlakatda ishlaydi, 20 mingdan ziyod xodimi bor.

Foto: AP

Maykl Blumberg 2019-yil noyabrida AQSh prezidentligiga nomzodlar qatoridan joy oldi, biroq partiya (demokratlar) ichki kurashida 2020 yilning 4 martida Jo Bayden foydasiga nomzodini qaytarib oldi. 2022-yilning fevralida Maykl Blumberg Pentagonning mudofaa innovatsiyalari bosh maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring