Yonayotgan avtomobilmi yo odamlarning rizqi? (video)
«O‘zbekiston» telekanalida efirga uzatilgan, kunduz kunlari avtomobil chiroqlarini yoqib yurish mavzusiga bag‘ishlangan «Munosabat» ko‘rsatuvi ko‘plab fikrlar, mulohazalar va savollarni keltirib chiqardi, deb yozadi telegramdagi «Qo‘shni mahalla» kanali.
Aytilishicha, ushbu qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan. Ammo unda ishtirok etgan 55 (!) kishi unga qanday munosabat bildirganidan YHXBB rahbarlarining xabari yo‘q. Eng qizig‘i, deputatning aytishicha, unga bildirilgan takliflarning birortasi inobatga olinmagan. Baribir aytganingni qilar ekansan, uni muhokama qilib, «publikaga o‘ynash»ga ne hojat?!
Shu o‘rinda kichik bir mulohaza: agar regulation.gov.uz portaliga qo‘yilgan loyiha auditoriyasi yetarli bo‘lmasa uni qayta muhokamaga qo‘yish yoki muddati uzaytirish kerak emasmi? Chunki muhokamaga qo‘yilgan loyiha chindan muhokama qilinishi kerak, bizningcha.
Maqsad xalqaro standartlar bo‘lsa nega birinchi navbatda bu talab avtomobil ishlab chiqaruvchilariga qo‘yilmadi? Nega avtomobil va odamlarga bu qaror talablariga moslashish uchun vaqt va imkoniyat berilmadi?
Kunduz kunlari chiroq yoqib yurishga avtomobillarning texnik imkoniyati talabga javob bermasligini bila turib, qoidaga bo‘ysunmagan haydovchiga «otning kallasidek» jarima belgilash qanchalik to‘g‘ri?
O‘zbekistonda bir necha million avtomobil haydovchisi bo‘lsa, ularning katta qismi bu yangiliklarni quchoq ochib qarshi olmagan. Bu — ana shuncha odamda bugungi siyosat va o‘zgarishlarga norozilik va ishonchsizlik paydo bo‘lishiga turtki berdi, degani emasmi?
Ko‘rsatuvda deputat Abdurashid Abduxoliqov aytgan achchiq haqiqat — ko‘chada kirakashlik qilib ro‘zg‘or tebratadigan, qoidaga amal qilaman deb avtomobilini kuydirgan odamlarning mashinaga qo‘shilib ro‘zg‘ori ham kuymadimi?! Bu dahshat-ku!
Deputat Rasul Kusherbayevning aytishicha, deputatlardan mana shu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib etish talab qilinyapti. Xalq vakilidan xalq manfaatiga zid qarorga qo‘shilish talabi qaysi mantiqqa sig‘adi?
Bizningcha, bu savollar ochiq qolishi mumkin emas. Tegishli organlar bu savollarga albatta javob qaytarishidan umidvormiz.
«Munosabat» ko‘rsatuvining to‘liq variantini quyida tomosha qilishingiz mumkin:
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter