Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Haydovchilar uchun hayitlik. Kunduzi chiroq yoqib yurish qoidasi o‘zgartirildi

Haydovchilar uchun hayitlik. Kunduzi chiroq yoqib yurish qoidasi o‘zgartirildi

Foto: «Spokoyno.ru»

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra avtotransport vositalarining barcha turlari uchun kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarni yoqib yurish haqidagi qoida 2021 yilning 1 yanvariga qadar qoldirildi. Shu tariqa ba’zi istisnolarni inobatga olmaganda, kunduzi chiroq yoqib yurish endi vaqtincha talab qilinmaydi. Bu haqda «Xabar.uz»ga rasman ma’lumot berib o‘tildi.

Unga ko‘ra, kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi bo‘yicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi;

Qarorga ko‘ra quyidagi avtomototransport vositalari kunduzi chiroq yoqib yurishi shart:

– transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;
– yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo‘nalishli transport vositalarida;
– bolalar guruhini tashkiliy tashishda;
– xavfli, katta o‘lchamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda;
– mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida);
– mototsikl va mopedlarda.

Qarorga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan shunday tartib joriy etilishi lozimki, unga muvofiq:

– mamlakatda ishlab chiqariladigan barcha avtomototransport vositalari ichki bozorga ishlab chiqaruvchi tomonidan avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlangan holda chiqariladi;

– respublikaga chet eldan import qilinadigan avtomototransport vositalarida kunduzgi signal chiroqlarining mavjudligi sertifikatsiyadan o‘tkazish uchun majburiy texnik talab sifatida belgilanadi.

Shu bilan birgalikda yurtimizda yo‘l harakati xavfsizligini yana-da yaxshilash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

– O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi «O‘zstandart» agentligi, «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda ikki oy muddatda muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni mazkur qaror talablaridan kelib chiqib takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

– O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan hamkorlikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kunning yorug‘ vaqtida avtomototransport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmaganligi uchun javobgarlikni yengillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqsin.

– O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – transport vaziri A.J.  Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R.  Bobojonov zimmasiga yuklatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring