IIV: «Kunduzi chiroq yoqib yurish majburiyligi qayta ko‘rib chiqilmoqda»
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Akramxon Boboxonov, vazirlikning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Qutbiddinxon Burxonov hamda IIV YHX bosh boshqarmasi mas’ullari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirga aksariyat jurnalistlar jon-jon deb kelganini ayting. Nega desangiz, brifing boshlanmayoq ayrim mas’ullar bilan muxbirlar o‘rtasidagi bahs qizib ketdiki, tomonlarning bir-birlariga aytadigan gapi ko‘p ekaniga shuning o‘zi dalolat edi.
Masala asosan bitta mavzu — «Yo‘l harakati qoidalari»ga kiritilayotgan o‘zgarishlar, ayniqsa, barcha avtomototransport vositalari uchun kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart qilib qo‘yilgani atrofida aylandi.
Jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘layotgan mazkur qoida shundog‘icha qolib ketaveradimi?
Tadbir tafsilotlariga atroflicha to‘xtalib o‘tirish shart emasday.
Vazir o‘rinbosari A.Boboxonov axborot berar ekan, asosiy gap «kunduziyam yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqib yurish» atrofida aylanishini bilibmi, xullas, asosiy urg‘uni shu mavzuga qaratdi. Qaror qachon qabul qilingani, qanday qabul qilingani, bunga tug‘ilgan ehtiyojdan tortib, dastlabki natijalarigacha — hamma-hammasi haqida gapirib, yangi qoidaga bildirilayotgan e’tirozlar asossiz ekanini alohida ta’kidladi. Biroq gap oxirida alohida qayd etdiki, «Yo‘l harakati qoidalari»ning 138-bandi (o‘sha, kunduzi chiroq yoqib yurish majburiyligi) qayta ko‘rib chiqilmoqda!
Ayni qoida kuchga kirganidan oy o‘tmay qayta ko‘rib chiqilayotgani, e’tirozlar asossiz emasligini mantiqan tasdiqlab turibdi. Demak, e’tirozlar yetarlicha asosga egaki, joriy etilgan qoida qayta ko‘rib chiqilishini taqozo etmoqda. Bu yaxshi xabardan kichik belgi, nasib... Biroq qachon ko‘rib chiqilishi va qanday o‘zgartish yoki qo‘shimcha kiritilishi ehtimoli xususida ochiq gapirilmadi. Shuningdek, «138-band qayta ko‘rib chiqilar ekan, uning amal qilishi to‘xtatib turiladimi?» mazmunidagi qator savollar ham ochiq qolib ketdi. Chunki, vazir o‘rinbosari axborot berasola uzr aytib, brifingni tark etgan bo‘lsa, tadbirning ochiq muloqot qismida jurnalistlar savollariga jonli nishon bo‘lgan mutasaddilar javobidan «qarorni Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi, biz emas» mazmuni uqildi, xolos.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter