Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘l qoidasida o‘zgarish. Endi kunduzi yaqinni yorituvchi chiroq yoqib yuriladi

Yo‘l qoidasida o‘zgarish. Endi kunduzi yaqinni yorituvchi chiroq yoqib yuriladi

Foto: «Xabar.uz»

Kunduz kuni transport vositalari chiroqlarni yoqib harakatlanishi shartligi belgilandi. Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qabul qilingan Hukumat qarorida (292-son, 09.04.2019 y.) shu va boshqa o‘zgarishlar bayon qilingan. Bu yangilik xususida «Huquqiy axborot» kanalida ma’lum qilib o‘tildi.

O‘zgartirishlarga muvofiq endilikda yo‘l harakati xavfsizligiga quyidagi qoidalar kiritilmoqda:

— svetoforning taqiqlovchi ishorasida to‘xtash chizig‘i oldida to‘xtaganda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak;

— Toshkent shahar va viloyat hokimlari ayrim yo‘l uchastkalarida harakat tezligini (tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatish) pasaytirishga vakolatli;

— aholi punktlarida ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan bir tomonlama harakatli yo‘llarda to‘xtashga ruxsat etiladi;

— aylanma harakat chorrahasida harakatlanayotgan transport vositasi aylanaga kirib kelayotgan transport vositlariga nisbatan ustunlikka ega;

— kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart;

— qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq ovqat va shu kabi to‘kiluvchi tovarlarini tashishda yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material yopilgan bo‘lishi kerak;

— velosiped va moped haydashda rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish taqiqlanadi.

Bundan tashqari o‘zgartirishlar bilan 28 ta yangi yo‘l belgilari kiritildi. Qizil chiroqda o‘ngga harakatlanish, radar, piyoda va velosipedchilar uchun tashkil etilgan yo‘lak kabi belgilar shular jumlasidandir.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozim, ilgari aylanma harakat chorrahasida o‘ng qo‘l qoidasi amalda bo‘lib, chorrahaga kirgan ulov o‘ng tomondan kelayotgan transport vositasini o‘tkazib yuborishi shart edi. Hozircha ushbu o‘zgarishlar qachondan amalga joriy etilishi haqida aniq ma’lumot berilmagan. Bu haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring