Samarqandda «O‘zbekneftgaz» brendi ostidagi birinchi zamonaviy AYoQSh ochildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, iste’molchilarga zamon talablariga javob bera oladigan tarzda xizmat ko‘rsatish kerakligi borasida bir qator topshiriqlar berilgan edi. Davlat rahbari topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, Samarqand shahrida ham «O‘zbekneftgaz» brendi ostidagi AYoQSh foydalanishga topshirildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘i bilan zamonaviy AYoQSh dastlab Toshkent shahrida foydalanishga topshirilgan edi. Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasida zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarni o‘zida mujassamlashtirgan «O‘zbekneftgaz» brendi ostidagi AYoQShning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
AYoQShda avtomobillarga yoqilg‘i quyishdan tashqari ularga texnik xizmat ham ko‘rsatiladi. Shoxobchada avtomobillarda texnik ta’mirlash ishlarini o‘tkazish, motor moylarini almashtirish va shu kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, avtomobil ehtiyot qismlari do‘koni, mijozlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi oziq-ovqat va fast-fud shoxobchalari hamda kofe va salqin ichimliklar savdosi ham tashkil qilingan.
Ushbu zamonaviy AYoQSh «O‘zbekneftgaz» AJning ramzi va tegishli timsollariga, tanlangan milliy brendga mos ravishda barpo qilingan.
Ochilish marosimida «UNG Petro» korxonasi rahbari Mirzohid Musayev OAV xodimlariga ushbu AYoQSh Samarqand shahrida bir kunda minglab iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishini aytib o‘tdi. Shuning u qolgan viloyatlarda ham bosqichma-bosqich barcha AYoQShlar shunday ko‘rinish olishini bildirdi.
Bundan tashqari «UNG Petro» korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda iste’molchilar talab hamda istaklarini inobatga olgan holda kelgusida bajarilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar borasida ma’lumotlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 fevraldagi 143-sonli «O‘zbekneftgaz» AJ samaradorligini oshirishga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari tarmog‘ini birlashtiruvchi boshqaruv kompaniyasi sifatida va «UNG» milliy brendi asosida xizmat ko‘rsatuvchi «UNG Petro» korxonasi tashkil etilgan. Respublika bo‘ylab 100ga yaqin stansiya korxona tarkibiga kiritilgan.
«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter