Rasul Kusherbayev: «UzAuto Motors»ning birorta vakili qatnashmayotgani g‘alati»

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan «UzAuto Motors» AJda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishning davomi bugun ko‘rib chiqilishi kerak edi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev xabar bermoqda.
Uning qayd etishicha, o‘tgan safar «UzAuto Motors» AJning iltimosiga ko‘ra ishni ko‘rib chiqishda tanaffus e’lon qilingandi. Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, «UzAuto Motors» AJ vakillari bugun ishni ko‘rishda qatnasholmas ekan...
Shunga qaramay, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi komissiyasi a’zolari tanaffus davomida ham «UzAuto Motors» AJ vakillarining vajlarini yetarli darajada eshitib, o‘rganib chiqishganligini inobatga olib, ishni ularning ishtirokisiz ham ko‘rib chiqish mumkin, deb hisoblashdi. Va ishni ko‘rib chiqish davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun «UzAuto Motors» AJda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan avtomobillar tannarxi va narx qo‘llanishi asosliligi bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan vakolat doirasida tekshiruv o‘tkazilgan edi.
«UzAuto Motors» AJning o‘zi uchun muhim bo‘lgan ishni ko‘rib chiqishda birorta vakili ham qatnashmayotganligi juda g‘alati...
Jarayonni kuzatib bormoqdamiz. Ko‘ramiz, — deb yozadi deputat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter