Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qamchiq»da yangi tunnel ochilib, «Toshkent-Andijon» pullik avtomobil yo‘li quriladi

«Qamchiq»da yangi tunnel ochilib, «Toshkent-Andijon» pullik avtomobil yo‘li quriladi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni transport sohasining barqaror ishlashini ta’minlash va izchil rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda raqobatni kuchaytirish uchun fuqaro aviatsiyasi bozoriga yangi tashuvchilarni jalb qilish, «Uzbekistan Airways»ni nufuzli xorijiy kompaniya boshqaruviga berish masalasi ko‘rib chiqilgani xabar qilindi.

Qayd etilishicha, pandemiya davrida temir yo‘l orqali yuk tashishga talab keskin ko‘paygan. Xususan, xalqaro yuk tashuvlarida temir yo‘lning ulushi 75 foizdan 87 foizga oshdi. Bu xizmatlar sifatini yaxshilash va tannarxni tushirish orqali mijozlarni ko‘paytirish uchun yaxshi imkoniyat.

Lekin, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tizimida asosiy vositalarning eskirgani, jamiyat tarkibida nosohaviy aktivlarning ko‘pligi asosiy faoliyatni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu bois, «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibidagi nosohaviy korxonalarni optimallashtirish, tariflarni shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish, vagon va lokomotiv parkini yangilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda avtotransportda xalqaro yuk tashuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

So‘nggi uch yildagi islohotlar natijasida mamlakatimizda xalqaro yuk tashuvchi transportlar soni 3 baravar oshdi, yuklarni tashishda mahalliy korxonalarning tashqi savdodagi ulushi 37 foizdan 48 foizga yetdi.

Mahalliy tashuvchilarning qatnovlar sonini yanada oshirish, tashqi savdoda ularning ulushini 60 foizga yetkazish chora-tadbirlari belgilandi. Bitta yuk transporti besh nafargacha aholi bandligini ta’minlashi, bu tarmoqda 30 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ichki yo‘nalishlarda qatnaydigan avtobuslarni yangilash, bunday korxonalarni barqaror moliyaviy resurs bilan ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari ichki yo‘llar masalasiga alohida to‘xtalib, ularning holati yomonligi, odamlar bundan norozi ekanini qayd etdi. 80 ming kilometr ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilish, bu borada butun dunyoda qo‘llanib kelinayotgan «foydalanuvchi to‘laydi» tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

«Qamchiq» dovonida muqobil tunnel qurilishini o‘z ichiga oluvchi «Toshkent-Andijon» pullik avtomobil yo‘li loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilinishi belgilandi.

Mutasaddilar transport sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha hisobot berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring