Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat: «Bu hammani uzr so‘rab chiqishini yaxshi ko‘radigan IIVga munosib javob bo‘ladi»

Deputat: «Bu hammani uzr so‘rab chiqishini yaxshi ko‘radigan IIVga munosib javob bo‘ladi»

Foto: «Xabar.uz»

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga «Avtotransport vositasining sug‘urtasi yo‘qligi yoki texnik ko‘rikdan o‘tmaganligi tufayli jarima maydoniga qo‘yish amaliyotini bekor qilish haqida» joylangan murojaat 10 mingdan ortiq ovoz olib, bilishimcha hozirda Oliy Majlis qo‘mitalaridan birida ko‘rib chiqilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev telegram kanalida bu haqda ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablari buzilgan holatlarda BHMning bir baravaridan uch baravarigacha jarima qo‘llanilishga hamda qoidabuzarlik bartaraf etilguncha transport vositalari vakolatli organ tomonidan ushlab turilishiga sabab bo‘ladi. Lekin majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan transport vositalarini jarima maydonida ushlab turish ko‘zda tutilmagan.  

Xalqaro tajribada ham shunga o‘xshash amaliyotni uchratish mumkin. Ko‘plab davlatlarda (Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSh va Germaniya) transport vositasini sug‘urta polisisiz boshqarish katta miqdordagi jarimaga sabab bo‘ladi. Shuningdek, agar lozim topilsa, YPX xodimlariga transport vositasini jarima maydonida ushlab turish huquqi ham berilgan.

Lekin O‘zbekistondan farqli ravishda bu mamlakatlarda sug‘urta tizimi juda samarali ishlashini unutmaslik lozim. Ya’ni yo‘l transport hodisasi sodir etilib, haydovchiga, transport vositasiga yoki uchinchi shaxs va uning mulkiga yetkazilgan moddiy va jismoniy zarar sug‘urta kompaniyalari tomonidan to‘liq qoplab beriladi. Bizda esa sug‘urta polislari, umuman sug‘urta tizimi amalda ishlamasligi hech kimga sir emas. Shu bois, portalga fuqaro tomonidan joylashtirilgan murojaat asosida qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Qo‘shimcha tarzda, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari YoNIDA bo‘lmagan haydovchilarning javobgarligiga oid normani (MJtK 135-modda) ham qayta ko‘rib chiqish lozim. Bunda haydovchiga yonida bo‘lmagan, unutib qoldirilgan hujjatlarni ma’lum bir muddat davomida, deylik 3 kun ichida vakolatli organga  taqdim etsa, haydovchiga nisbatan jarima yoki javobgarlik qo‘llamaslik amaliyotini joriy etish to‘g‘ri bo‘ladi.

Umid qilaman, Oliy Majlisning mas’ul qo‘mitasi yuqoridagi murojaat yuzasidan tez orada o‘zining ijobiy xulosasini taqdim etadi hamda qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritilishiga erishiladi. Bu esa tanqidni suymaydigan, hammani uzr so‘rab chiqishini yaxshi ko‘radigan IIVga jamoatchilik va parlament tomonidan munosib javob bo‘ladi, — deb yozadi deputat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring