«Avto oltmish oy» MChJ kirdikorlari ma’lum qilindi
Poytaxtimizda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan «Avto oltmish oy» MChJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar bermoqda.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga «UzAutomotors» AJning IIVga «Avto oltmish oy» MChJning fuqarolarga foizsiz pulini 5 yil (60 oy) muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan shubhali faoliyat ko‘rsatayotganligi haqidagi yo‘llagan murojaati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv vaqtida aniqlangan holatlar asos bo‘lgan.
Qayd etilishicha, ushbu MChJ asoschisi J.Boxodirov va boshqalar fuqarolarga avtotransport vositalarini foizsiz 5 yil muddatga, bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berishni va’da qilgan va ulardan olingan pul mablag‘larini jamiyat faoliyatini reklama qilishga sarflab, 18 ming nafardan ortiq fuqaroning pul mablag‘larini jamiyat hisob raqamiga tushirishga erishgan.
18,818 nafardan ziyod mijoz tomonidan to‘lov qilingan 57, 412 milliard so‘m mablag‘dan bor yo‘g‘i, 130 ta transport vositasini sotib olish uchun «Qibray avto moto servise» MChJga 24, 6 milliard so‘m qismini ko‘chirish bilan kifoyalangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha jami aniqlangan zarar 57, 412 milliard so‘mni tashkil etadi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34, 148 milliard so‘m (naqd pul shaklida — 26 milliard so‘m, xatlangan mol-mulklar — 8, 148 milliard so‘m, shuningdek, 28 ta turli rusumdagi umumiy bahosi 2,1 milliard so‘mga teng bo‘lgan transport vositalarini xatlash choralari ko‘rilmoqda)dan iborat.
J. Boxodirov va uning sheriklari jinoiy faoliyatlari davomida «Catalea Media» MChJ, «J.Boxodirov» YaTT hamda «Karat insurance» MChJni tashkil etib, ustav jamg‘armasini mijozlardan tushgan pul mablag‘lari evaziga shakllantirgan. Shu sababli mazkur korxonalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yagona ish yurituviga birlashtirilgan.
Tergov departamenti mas’ullari OAV vakillariga shu va boshqa ma’lumotlarni taqdim etdi. Tashrif buyurgan jabrlanuvchilarga tergov jarayoni yakunlanib, sudning yakuniy xulosasi chiqqanidan so‘nggina topshirgan pul mablag‘lari qaytarilishi ma’lum qilindi.
J.Boxodirovning onasi esa o‘g‘li yoshlik qilgani, o‘zlashtirgan pullarni, albatta, egalariga qaytarilishini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter