2020-yil 1-yanvardan bodikameralar ishga tushadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjuman DYHXXda amalga oshirilayotgan yangiliklar, sohaga joriy etilayotgan axborot kommunikatsion texnologiyalar masalalariga bag‘ishlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor A.Ikramov, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O.Saidov, Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik B.Abdullayev, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik B.Berdialiyev va ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etishdi.
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Azizbek Isroilovich Ikramov ochib, vazirlik tizimida jamoat tartibini, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, prezidentimizning 2017-yil 11-iyuldagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2018-yil 1-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi begilab berildi.
Nizom talablariga ko‘ra, 2019-yil 1-iyuldan boshlab YPX xodimi xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishi va bu haqda yo‘l harakati ishtirokichisini ogohlantirishi belgilangan edi. Lekin mobil videokamerani olib kelish va joriy etish bo‘yicha ayrim texnik sabablarga ko‘ra ushbu muddat 2020-yil 1-yanvarga ko‘chirildi.
Mobil videokameradan foydalangan holda xizmatni olib borish, xodimning oldiga qo‘yilgan vazifalarini bajarishda shafoflikni ta’minlaydi hamda haydovchi va xodim o‘rtasidagi turli xildagi baxsli holatlar barham topadi.
Shuningdek, ushbu Nizomda xodim tomonidan transport vositasini to‘xtatish asoslari va tartibi, xodimning yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari, xodimlar tomonidan xizmat vazifalarini bajarishda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etish tartibi kabilar belgilab berildi.
Yuqorida qayd etilgan vazifalarni bajarishda va xodimlarni bodikameralar bilan ta’minlash maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bodikameralar uchun texnik topshiriq va dasturiy ta’minot ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Berilgan texnik topshiriqlar talablariga javob berdigan Xitoy xalq respublikasining «Xaytera» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan 50 ta bodikamera Toshkent shahrida jumladan, 32 tasi YPX xodimlari, 18 tasi PPX xodimlari tomonidan joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida test sinovlaridan o‘tkazildi.
Respublika bo‘yicha server moslamalarini joylashtirish uchun 65 ta, bodikamelarni joylashtirish uchun 192 ta joy tayyorlandi.
Test sinovlari natijalari yaxshi baholangandan so‘ng, Xitoy xalq respublikasining «Xaytera» kompaniyasidan 6193 ta bodikamera xarid qilindi (ushbu bodikameralar YPX va PPX xodimlariga beriladi).
Ushbu bodikameralarga tegishli dasturlar (programma) o‘rnatilib, kerakli miqdorda sim-kartalar bilan ta’minlandi hamda himoyalangan VPN-kanallari orqali aloqa yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur qurilma va jihozlar tasdiqlangan taqsimotga asosan o‘rnatilgan tartibda joylarga tarqatildi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 200 dona, Toshkent shahriga 2 876 dona, Andijon viloyatiga 187 dona, Buxoro viloyatiga 212 dona, Jizzax viloyatiga 188 dona, Qashqadaryo viloyatiga 236 dona, Navoiy viloyatiga 185 dona, Namangan viloyatiga 184 dona, Samarqand viloyatiga 341 dona, Surxondaryo viloyatiga 203 dona, Sirdaryo viloyatiga 183 dona, Toshkent viloyatiga 432 dona, Farg‘ona viloyatiga 289 dona, Xorazm viloyatiga 191 dona bodikameralar berildi. 193 donasi zahiraga olindi.
Bodikameralar 2020-yilning 1-yanvar kunidan boshlab amaliyotda ishlatiladi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olim Choriqulovich Saidov ma’ruzasi tinglandi. Polkovnik O.Saidov yig‘ilganlarga oldinda turgan, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli rejalar haqida gapirib, ommaviy axborot vositalari vakillarini hamkorlikka chorladi.
Anjumanda shuningdek, jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga javoblar qaytarildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter