«10 soatlab navbatda tursak, patent pulini qanday to‘laymiz?» Vodiyda vaziyat chigallashmoqda
Vodiyda siqilgan gaz quyish shoxobchalarida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelishi davom etmoqda. Bu ham yetmaganidek, navbatda turgan mashinalarni olib qochish holatlari kuzatilyapti.
«Xabar.uz»ga kelib tushayogan murojaatlarga ko‘ra, gaz quyish shoxobchalarida haydovchilar 14 soatgacha navbatda turishmoqda.
«Bu tarzda kuniga 10 soatlab navbatda tursak, taksi va yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatish uchun to‘lanadigan patent va litsenziya pullarini qanday qoplaymiz?», deydi murojaatchilardan biri.
Ma’lum qilinishicha, ayrim hududlarda gaz-zapravkalar oldida navbatda turgan avtomobillar ko‘pligidan yo‘l qatnov qismlari ham to‘silib qolmoqda va bu avtomobillarning harakatlanishiga jiddiy halaqit beryapti.
Bu ko‘rguliklar yetmaganidek, endi gaz quyish uchun navbatga qo‘yilgan mashinalarni o‘g‘irlab ketish holatlari ham kuzatila boshlangan.
«Daryo»ning xabar berishicha, Uchko‘prik tumani Yoyilma qishlog‘ida joylashgan gaz-zapravkada 22-dekabr kuni soat 20:00—21:00 oralig‘ida aslida O‘zbekiston tumanining Sulaymon qishlog‘ida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan taksi haydovchisi T.J.ning «Spark»i o‘g‘irlab ketilgan: T.J. mashinani yo‘l chetida ochiq qoldirib, navbatdan xabar olish uchun ichkariga kirgan, 3—4 daqiqa ichida qaytib chiqsa — mashina joida yo‘q.
Holat yuzasidan viloyat hududida «To‘sib ushlash» tadbiri e’lon qilingan. Olib qochilgan «Spark» 23 dekabr kuni Uchko‘prik tumani Qo‘qonboy qishlog‘i hududida ushlangan. Mashina Uchko‘prikning Qorako‘l qishlog‘ida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan Q.A. tomonidan olib qochilgani aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Vodiydagi gaz quyish shoxobchalarida bir necha kunlardan beri davom etayotgan bunday navbatlarga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q. Ayrim manbalarda bildirilishicha, bunday holat yuzaga kelishiga gaz bosimining pastligi, gaz ishlab chiqaruvchi korxonalar yetarli miqdorda gaz yetkazib berolmayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
E’tiborlisi, shu yilning 29-noyabr kuni kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik faoliyatining 2018-yildagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida yuqoridagi kabi holatlar yuzaga kelmasligi uchun choralar ko‘rilayotgani aytilgandi.
Jumladan, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida gaz tanqisligining oldini olish maqsadida «O‘zbekneftgaz» tomonidan noyabr oyida gaz quyish shoxobchalari uchun qo‘shimcha 40 million metr kub gaz qo‘shib berilgani bildirilgandi.
«Mana shu ko‘rilgan choralar natijasida metan gaz narxi 1800-1900 so‘mga tushdi. Bu yerda biroz tushunmovchilik bo‘ldi, shuning uchun tezkorlik bilan qo‘shimcha limitlar ajratildi. Kelgusi oylarda ham bu yo‘nalishlardagi ishlar davom ettiriladi. Aholiga zarar bo‘layotgan taraflarni qo‘llamaslik maqsadida tegishli qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ishlar olib borilyapti», — degandi «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati gaz tarmoqlaridan va qurilmalardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Akmal Eshonqulov.
«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘rinbosari Odil Temirov qo‘shimcha ravishda quyidagi raqamlarni keltirgandi: «2017-yilda biz avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalariga 2,5 milliard kub metr gaz yetkazib bergan bo‘lsak, 2018-yilda bu 2,7 milliard kub metr gaz, keyingi yilda 3 milliard kub metrdan ko‘proq gaz ajratib berilmoqda. Sababi, bu ham biz uchun kerak bo‘lgan narsa. Ta’kidlanganidek, avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalari juda ko‘p miqdordagi benzin o‘rnini qoplayapti».
Mas’ullar va’da qilgan bu choralar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, gaz quyish shoxobchalarida bu darajada tirbandliklar yuzaga kelmasligi kerak edi. Yoki buning boshqa sabablari bormi, bunga rasmiy bayonot oydinlik kiritishi mumkin. Hozircha esa vodiyda gaz quyish bilan bog‘liq vaziyat tobora chigallashmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter