Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Хушнудбек Худойбердиев

Boy jinoyat qilsa — sho‘xlik, kambag‘al sho‘xlik qilsa — jinoyat

Boy jinoyat qilsa — sho‘xlik, kambag‘al sho‘xlik qilsa — jinoyat

Illyustrativ foto

Kecha Mirishkor tumani hokimining mahalla raislarini so‘kkani va urgani haqidagi audio tarqaldi. Qashqadaryo viloyati hokimligi bu ovoz haqiqatdan Mirishkor tumani hokimi B.Radjabovning ovozi ekanligini tasdiqladi.

«Bu borada ichki tartibda chora ko‘rish bilan cheklanish ham mumkin edi. Ammo, qonuniy ravishda chora ko‘rilishi, "Nega oddiy xalq xato qilsa, jazo yoki jarima, hokim xato qilsa, kechirim-mi?" kabi tabaqalashtiruvchi gap-so‘zlar kelib chiqmasligi tarafdorimiz», — deyiladi viloyat hokimligi bayonotida.

Shuningdek, Bosh prokuratura ushbu holat bo‘yicha tekshiruvlarni boshlagani ma’lum qilindi.

Nima ham derdik, O‘zbekistonda jami 200 dan ortiq hokim bo‘lsa, ularning barchasi so‘kmaydigan yoki kimnidir urmaydigan bo‘lishi uchun kamida 200 yil kerak. Tarki odat amri mahol. Ammo haqorat qilgani yoki qo‘l ko‘targani uchun hokimlar ham ayovsiz jazo olishi kerak.

Bir narsa meni doim hayron qoldiradi. Qiziq-da, masalan hokim fuqarolarni so‘ksa, qonun bo‘yicha ma’muriy jazo beriladi (maksimum 40 minimal jarima). Agar teskarisi, ya’ni oddiy fuqaro hokimni so‘ksa, unda bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoyat bo‘ladi va hatto 1 yilgacha qamalishi ham mumkin. Qonunlarimiz nega bunaqa adolatsiz?

Haliyam men hokimlar haqorat qilgan holatlarda shunchaki ko‘z yumilib, hatto o‘sha jarimani ham berishmayotgani haqida gapirmayapman. Shunchaki qonunlarimizdagi oddiy adolatsiz farqni aytyapman xolos.

Hokim kim? Xalqni pulidan oylik olib, aslida xalqqa xizmat qilishi kerak bo‘lgan xizmatchimi yoki faqat Prezidentga xizmat qilishga bel bog‘lab, xalqni pisand qilmaydigan va o‘z hududida mutloq vakolatga ega bo‘volib (qonunan emas, og‘zaki), o‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lgan shahanshohmi?

Nega davlatning birdan-bir manbai bo‘lgan xalq hokimto‘ralardan quyi o‘rinda turishi kerak? Nega?

Yoki hokim haqorat qilgani uchun ham jinoiy javobgarlik belgilansin (axir u katta amaldor, uning harakati davlat imijiga putur yetkazadi), yoki aksincha oddiy fuqarolar hokimni haqorat qilgani uchun darhol jinoyatchi sifatida qaralmasin.

Hokimlar o‘zini kim deb o‘ylaydi? Ularsiz O‘zbekiston yo‘qmi? Yoki ularsiz jamiyat rivojlanmaydimi? Ularsiz yer aylanishidan to‘xtab qoladimi?

Sizlar oddiy xizmatchisizlar. XALQ XIZ-MAT-ChI-SI! Tamom. Barchangiz shunaqasiz, viloyat hokimi ham, shahar va tuman hokimlari ham.

Sizlar bor bo‘lganingiz uchun xalq bor emas, aksincha xalq borligi uchun Sizlar borsiz. Prado yoki Taxoye degan mashinalarni xalq mindirib qo‘ygan Sizga. Xalqning peshona teri bilan topgan pullaridan to‘lagan soliqlari tufayli kerilib hokimlik qilib yuribsiz.

Gapirtirsa, ko‘pchilik hokimlar bir xil plastinkani aylantirishadi: ish ko‘p, uxlashga ham vaqt yo‘q, 1 daqiqa tinim bilmay mehnat qilyapmiz, sog‘lig‘imizni yo‘qotyapmiz va h.k. Lekin bu birortangizga xalqni, fuqarolarni haqorat qilish, ularga qo‘l ko‘tarish huquqini bermaydi. Agar shunaqa huquqim bor deb o‘ylasangiz, bekorlarni beshtasini aytibsiz.

Albatta hamma hokimlar ham so‘kong‘ich emas, hamma hokimlar ham qo‘l ko‘tarmaydi. Umuman hech kimni haqorat qilmasdan yoki urmasdan o‘z hududini gullatayotgan hokimlar ham yo‘q emas. Ularga ming rahmat, baraka topishsin, ilohim. Ammo ular anchayin kam.

Miyani emas, til va qo‘lni ishlatsam, zo‘r hokim bo‘larkanman, deb o‘ylaydiganlari ancha ko‘proq, ming afsuski. Yuqorida aytganimday, barcha hokimlar aqlli bo‘lishi uchun 200 yil keragov...

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети