Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Мустаҳкам Тангриёрова

Оққан дарё оқаверади. 

Afg‘onistondan kelgan «Yuk 200» tobutlari nega ochilmagan?

Afg‘onistondan kelgan «Yuk 200» tobutlari nega ochilmagan?

1989-yil 15-fevral sovet harbiy qo‘shinlari Afg‘onistondan to‘la chiqarilgan kun. Shu kundan boshlab O‘zbekiston doxil  Sovet Ittifoqining barcha respublikalaridan  yigitlarni harbiy xizmat nomi ostida Afg‘onistonga, urushga jo‘natishga chek qo‘yilgan. O‘zbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi ma’lumotiga ko‘ra, 1979-1989-yillarda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan qurolli harakatlarda 64 ming 500 nafar o‘zbekistonlik qatnashgan, ulardan 1545 tasi halok bo‘lgan va jasadlar «Yuk 200» degan tamg‘ali temir tobutlarda olib kelingan.

«Sovuq jasadini ham qucholmadim»

G‘iyos yerga qo‘yilganiga 40 yil bo‘layapti hamki, Mavjuda aya gohida shu o‘g‘li kirib keladigandek eshikka termuladi, termulaveradi. G‘iyosi o‘lganiga hamon ishonmaydi. Onaizor-a... Ko‘zlari xira tortib, jussasi kichrayib, mung‘ayib qolgan, oyoqlari buysunmaydiyu, yugurib chiqib bolasini quchoqlashini o‘ylaydi goho. G‘iyosning jasadini unga ko‘rsatishmagan. Boshqa jigarlariga ham...

Toshkent shahrining Chig‘atoy mahallasida tug‘ilib, shu yerda voyaga yetgan G‘iyos Shodmonov  harbiy xizmatining asosiy qismini O‘zbekistonning o‘zida o‘tab bo‘lgan edi. Askarlikni tugatishiga bor-yo‘g‘i olti oy qolgandi. Bokschi, baquvvat, basavlat bola bo‘lgan G‘iyos. Kutilmaganda uni Afg‘onistonga o‘tkazishgan, desantga tashlashgan. 

— 1981 yil sentyabri so‘ngida Afg‘onistonga ko‘chirishdi, 10 martda esa uni temir tobutda olib kelishdi, bir necha kundan keyin yigirmaga to‘lardi — deb eslaydi G‘iyosning akasi Ilyos.

Akaning eslashicha, temir tobut butkul yopiq bo‘lgan, payvandlab tashlangan.  «Bizlar ham Rossiyada askarlikda bo‘lganmiz, jo‘natilgan «grob»ni ko‘rganmiz. Jasadning yuzi ko‘rinadigan oynali qismi bo‘lardi. Lekin G‘iyosning tobuti butkul yopiq, hamma joyi temir bilan qoplangan edi». Shunda yigitning amakisi tobutning boshiga bolta ko‘tarib kelgan. Lekin harbiylar tobutni ochishga qo‘yishmagan.

Shunday qilib, Chig‘atoy qabristonida yana bir afg‘onchi-jangchi qabri paydo bo‘lgan. (Ma’lum bo‘lishicha, shu qabristonning o‘zida 5-6 nafar afg‘onchi temir tobuti bilan dafn etilgan.) O‘zbekiston bo‘yicha esa temir tobutda keltirilgan jasadlar 1545 tani tashkil etadi. Mavjuda aya, Ilyos aka kabi farzandi, jigari o‘limiga ishonmaganlar yuzlardir ehtimol.

G‘iyos Shodmonov.

Qaltis savol

Afg‘onistondan tobutlar kelishi to‘xtaganiga o‘ttiz yildan oshdi. Lekin «Yuk 200»lar nega ochilmagani savol ostiga olinadi.

Darvoqe, temir tobut nega «Yuk 200» deb nomlanishini ham ko‘pchilik so‘rashadi.  Bugunda har qanday mamlakatdan jo‘natilgan mayitga nisbatan qo‘llanadigan bu termin aslida Afg‘onistondan jo‘natiladigan jasadlar haqidagi davlat qarori ortidan paydo bo‘lgan. Sovet Ittifoqi mudofaa vazirligi 1984 yildagi qarori ilovasida yozilishicha, temir tobutning vazni umumiy, ya’ni ichidagi murda bilan qo‘shib hisoblanganda 200 kilogramm deb belgilangan. Harbiy jasadni tashuvchi samolyot (vertolyot) uchun 200 kg.li yuk taloni berilgan. Tasodifni qarangki, 8 oktyabrda qabul qilingan qarorning tartib raqami ham 200 bo‘lgan.

Afg‘onistonda xizmat qilgan harbiy vrachning ma’lumot berishicha, «har bir jasad avvalo gospitalga olib kelingan. Jarrohlik xonasida mayit badanidagi o‘q, mina, snaryad qoldiqlari olib tashlangan. Tananing burdalangan bo‘laklari jarrohlik yo‘li bilan mumkin qadar asl holiga yaqinlashtirilgan -  tikilgan, qoplangan».  

Afg‘on urushi ishtirokchilariga ko‘ra, qator holatlarda snaryadlar ostida qolgan, minalar otib yuborgan safdoshlari jasadlariga qarashning o‘zi dahshat bo‘lgan, uni tanib olishning imkoni bo‘lmagan.

Zahiradagi podpolkovnik, O‘zbekiston Milliy universiteti hayot faoliyati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Ravshan Oxunov temir tobutlarda uning ham yaqin do‘stlari jo‘natilganini iztirob bilan eslaydi. «Oddiy, piyodalar uchun qo‘yilgan mina portlasa, oyog‘idan ayrilar, qo‘lidan ayrilar, lekin katta, fugas deymiz yoki tankka, texnikaga qarshi minalar portlaganda odamdan deyarli butun joy qolmaydi, titilib ketadi, qip-qizil go‘shtga aylanib qoladi bo‘laklari. Uni qanday qilib ota-onasiga ko‘rsatish mumkin. Shusiz ham bolasining o‘limi haqida xabarning o‘zi ularni adoyi tamom qilgan-ku» deydi u. Sobiq afg‘onchi, askar yigitlar jasadi tobutga qo‘yilganda, albatta musulmonchilik amallari bajarilgan» deb ta’kidlaydi.

O‘zbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi Kengashi raisi Tal’at Murodov uning o‘zi ikki marta temir tobutni olib kelish jarayonida ishtirok etganini aytadi. Murodovning aytishicha, agar askar oddiy o‘qdan ko‘z yumgan bo‘lsa va uning tanasi butun bo‘lganda, jasad, albatta, ekspertizadan o‘tkazilgan. Rossiya va qator nasroniy respublikalardan bo‘lgan yigitlar jasadlari, qanday holatda bo‘lishidan qat’iy nazar, tobut ochilmaydigan qilib mahkamlangan. «Lekin O‘zbekiston kabi aholisi musulmon bo‘lgan respublikalaridan chiqqan askar va ofitserlari oddiy o‘qdan yoki yengil minadan halok bo‘lsa, jasadni ko‘rganda seskanish paydo bo‘lmaydigan vaziyatda tobutni ochishga ruxsat berilardi».

Tal’at Murodov o‘zi hamrohlik qilgan tobutlarning ikkalasida ham yuz qismi ko‘rinadigan oynali tuynuk bo‘lganini aytadi. «Chunki, masalan, «Benzovoz»da kuygan yigitning yuz qismi jarohat olmagan, lekin badani jizg‘anak bo‘lib ketgandi. Shu sabab tobut ochtirilmadi» xotirlaydi harbiy mulozim. Ikkinchisida ham shunga o‘xshash  holat bo‘lgan. 

Tal’at Murodov ham zarur holatlarda tobutlar to‘lasincha berkitilgani va ochilishiga yo‘l qo‘yilmaganini tasdiqlaydi.

Tal’at Murodov

Tobutlarda kontrabanda tashilganmi?

Eslaysizmi, Tohir Malikning «Shaytanat» asarida go‘yo, Afg‘onistondan tobutning ichida jo‘natilgan giyohvand moddalarni olish uchun jinoyatchilar qabristonga yo‘l oladilar. Asardagi bu epizod biror aniq bir ma’lumotga asoslanganmi yoki yozuvchi xayolotining mahsulimi? Yozuvchi badiiy asarida to‘qima ishlatishi, asliyatni o‘zgartirib tasvirlashga haqli. Ikkinchi tomondan, qator hollarda yozuvchilar aniq jinoiy ishlarni o‘rganib, ular asosida, syujet shakllantirilib to‘qima singdiriladi. Afsuski, bugun Tohir Malik oramizda yo‘q. Yozuvchini yaqindan bilgan shogirdlariga murojaat qildik, ular «Shaytanat» asarida temir tobut epizodi yaratilishi tarixidan bexabar ekan.

Bir qator afg‘onchilar Afg‘onistondan tobutda Rossiyaning chekka hududlariga kontrabanda yuborilgan, deb eshitganlarini aytishdi.

Tal’at Murodov sakson to‘rtinchi yildan buyon hayoti afg‘onchilar bilan bog‘liq ekanligi va tobutda O‘zbekistonga falon narsa olib o‘tilgan degan gapni eshitmaganini ta’kidlaydi. «Afg‘onistonga askar faqat O‘zbekistondan jo‘natilmagan. Balkim, qayerlargadir shu usulda ta’qiqlangan ashyolar olib kirilgandir ham, lekin, O‘zbekistonga emas» deydi u.    

Ravshan Oxunov.

Ravshan Oxunov «Bilmayman, juda ko‘p versiyalar yuradi, narkotik tashigan, tilla tashigan degan. Lekin men ishonmayman. O‘sha yerdagi ofitserlarning juda ko‘pidan ibrat olganmiz. Ular haqiqiy rahbar, bizning xavfsizligimiz uchun bizga juda ko‘p narsani o‘rgatgan. Men, keyin bekorga harbiylikni tanlamaganman. Men o‘shalarga havas qilib ularning mardligi, insoniyligi, intizomiga havas qilganimdan Afg‘onistondan qaytib yana harbiylik tomon katta qadam tashladim» deydi.

«Yuk 200» va kontrabanda ashyolari o‘rtasida bog‘liqlik borasida fikrlar faqat badiiy adabiyotda emas, balki hujjatli manbalarda ham uchraydi. Masalan, 2012 yilning 3 oktyabrida «Markaziy Yevroosiyo» loyihasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Ukraina davlatlari ekspertlari «Afg‘onistondan giyohvand moddalar tahdidi: qaysi davlatlar uning girdobida» nomli davra suhbatida shu nuqtada ham to‘xtalib o‘tilgan.

Suhbatdan iqtibos: «Sunatullo Djoonboboyev (Tojikiston), Markaziy Osiyo universiteti katta ilmiy xodimi: «Sovet, keyin esa Rossiya chegarachilari afg‘on chegarasida turib giyohvand moddalarni samolyot va vertolyotlarda tashishgani sizga ma’lummi? «Yuk 200» nima ekanini va unda harbiy jasadidan tashqari nima borligini bilasizmi?...talab bor ekan tranzit yo‘li faqat Qirg‘iziston va Tojikiston bilan cheklanmaydi.

Arustan Joldasov (O‘zbekiston), sotsiolog: Sunatullo, Siz  geroinli «Yuk 200» detalini to‘g‘ri ta’kidladingiz. Bu haqda hali 80-yilarda Shekochixin yozgan edi. U o‘shanda afg‘on urushi  Rossiyani geroin ignasiga o‘tqazdi deb aytgan edi».

1979-1989 yillar davomida O‘zbekistonga Afg‘onistondan jo‘natilgan tobutlar bilan bog‘liq jinoiy ish ochilgani yoki ochilmagani haqida O‘zbekiston bosh prokuraturasidan aniq-tiniq javob ololmadik. 

So‘ngso‘z o‘rnida

O‘zbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Afg‘oniston harbiy harakatlarda ishtirok etgan insonlar bugunda 57 ming 400 nafar.  Ularning 150 nafari 1-guruh nogironi, 3000 ga yaqini 2-guruh nogironi. 

Jamiyatning bir qismi bo‘lgan afg‘onchilar bilan bog‘liq gaplar ko‘p. Hozir qaysi afg‘onchi bilan suhbatlashmang, u Afg‘onistonga tinchlik o‘rnatgani borganmiz, deb ta’kidlaydi. Maktabni bitirgan, maktabdan boshqa dunyoni hali ko‘rmagan yigitlar  Vatan nomidan armiya safiga chaqirilib, Afg‘onistonga jo‘natilganini bugun 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlarning ko‘pchiligi bilmasligi, ularning nafsoniyatiga tegadi. O‘zbek afg‘onchilari tarixi faqat hujjatlarda qolib ketayapti, deb hisoblaydiganlar oz emas.

Urushda halok bo‘lgan afg‘onchi ota-onasiga xonadon berilishi haqidagi imtiyozga ishonib Mavjuda ayaning bir papka hujjat to‘plaganiyu, besh yil idoralar eshigida sarg‘ayganining o‘zi bir qissa. Shuncha yugurtirib-yugurtirib baribir uy berishmadi, shu sovuq kunlarda shahar tashqarisidagi hovlida dildiraydi. Onaning umidlari so‘ndi, bolasining qaytishidan umidi qolmagandek. Shu qatorda afg‘onchi nogironlar uchun vaqtida va’da berilgan imtiyozlarning yo‘qolib bo‘lgani  yana boshqa bir maqolaga yaraydigan gap.

Shahid ketgan afg‘onchi yigitlar qabrtoshlari suratlari ustidan chizib tashlangani hollari voqealari ham  mushohada qilishga, o‘rganishga arzigulik alohida mavzu.

Yana bir gap. O‘zbekistondan Afg‘onistonga yo‘llangan yigitlarning 33 nafari bedarak yo‘qolgan. Shulardan 4 nafari, qandaydir vaqtdan keyin topilib, yaqinlariga topshirilgan. 2 nafarining halok bo‘lgani aniqlangan. Bedarak yo‘qolganlarning qolganlari  Yevropada joylashgan  «Jahon veteranlar tashkiloti» bilan hamkorlikda hamon qidirilmoqda.

Mustahkam Tangriyorova,
jurnalist.  

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети