Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Бобур Наби

Oylikka yashaydigan odam

Oylikka yashaydigan odam

Foto: «Xabar.uz»

To‘y qilish uchun borini yig‘adi, pul topadi. Orzu-havas uchun farzandiga to‘y qiladi. Eng qizig‘i, to‘yga pulni qarindosh-urug‘ va tanishlaridan qarz olib to‘playdi. To‘ydan keyin esa oila ancha vaqtgacha qarzlarini to‘lash bilan band bo‘ladi. Nega? Chunki u odam oylikka yashaydi.

* * *

Farzand — eng aziz ne’matlardan biri. Uning dunyoga kelishi uchun borini beradi: tug‘uruqxonaga olib boradi, u yerda turganiga pul to‘laydi, agar kesarcha usulda operatsiya bo‘lsa, uning uchun alohida chiqim. E’tibor bering, tug‘dirganga, bolaga qaraganga, ukol qilganga — hammasiga alohida pul berishi kerak. Tug‘uruqhonadan olib chiqayotganda kuzatuvchilar uchun suyunchi puli bor hali.

Hozir bunaqa narsalar yo‘q bo‘lib ketdi, zamon o‘zgardi dersiz. Ehtimol. Lekin «baribir quruq ketmasa kerak, suyunchisiga nimadir berar» degan umidda yuradigan hamshira-yu do‘xtirlar kam emas. Eng qizig‘i, suyunchidan umid qilganlar ham, ularni noumid qoldirmaganlar ham oylikka yashaydigan odamlar...

* * *

Farzand ulg‘aygani sari oylikka yashaydigan odam uchun sinovlar boshlanadi. Alloh har bir bandaning rizqini o‘zi beradi, lekin buning uchun banda ham harakat qilishi lozim. Bolani bog‘chaga berish uchun u 3 yoshga to‘lishini kutish kerak, chunki undan kichigi bog‘chaga qabul qilinmaydi. Ona ikki yillik tug‘uruq ta’tilidan keyin yana bir yil farzand tarbiyasiga o‘tirishi kerak bo‘layapti. Oilani boqish esa yana kamida bir yilga otaning bir o‘zining gardaniga tushadi.

Bog‘chaga berish uchun yana pul to‘lanadi. Bir bola uchun bir oyga 165 ming so‘mdan ko‘proq (2018 yil 15 iyuldan) sarflanadi. Bu deyarli eng kam ish haqiga teng. Bundan tashqari, bog‘chadagi sovun, shampun va yana bir nimalar uchun ham 10-20 ming so‘mdan beriladi. Oylikka yashaydigan odam uchun bu normal holatmi?

* * *

Farzand kamolini ko‘rish uchun ota-ona qo‘lidan kelganini qiladi: o‘qitadi, yediradi, ichiradi, kiydiradi. Maktabga borishi uchun formasini oladi, darsliklarini xarid qiladi, bola voyaga yetguncha maktab uchun sarmoya tikadi. Oylikka yashaydigan odam bunday farzanddan bir nechtasini ham, bir vaqtda oilasini ham boqa oladi, shunga harakat qiladi har holda.

* * *

Talabalik — oltin davr. Inson o‘z kelajagini aynan shu paytda belgilab oladi. Budjetga kirish amrimahol, to‘lov-kontraktda o‘qish esa undan-da mushkul. Chunki 2018 yil 1 sentyabrdan kontraktlar narxi mamlakatdagi eng kam ish haqiga bog‘lab qo‘yildi.

Ana endi eng arzon kontrakt — EKIHning 45 baravari, ya’ni 8 mln. 293 ming 500 so‘m, eng qimmat kontrakt — 60 baravar, ya’ni 11 mln. 58 ming so‘m. Oylikka yashaydigan odam farzandini o‘qitish uchun o‘zini o‘tga, cho‘qqa uradi, qora terga botadi. Balki chet elda ishlar, ehtimol bir necha joyda mehnat qilar, xullas, o‘zining oyligi kontarkt to‘lashga yetmasligini juda yaxshi biladi.

* * *

Endi tasavvur qiling, shuncha tashvishdan ortib, madaniy hordiq chiqarishga vaqt topa oladimi u? Ichki turizm degan tushunchani anglash uchun unda sharoit bo‘ladimi? Hajga borish u yoqda tursin (38 mln. so‘m), Buxoro va Samarqandni ko‘rmagan o‘zbekistonliklar millionlab topiladi. Oilasini teatr yoki kinoga olib tushishga vaqti yo‘q oylikka yashaydigan odamning...

* * *

Qani, ayting-chi, oylikka yashaydigan odam qachon o‘zi uchun qayg‘uradi? Qachon uyini chiroyli qilib, rohatda umrguzaronlik qiladi? Qachon o‘ziga avtomashina sotib oladi-yu qachon minib yuradi? Qachon pul topish o‘yidan qutulib, farzand tarbiyasiga e’tibor beradi? «Qachon?» degan so‘roqqa qachon nuqta qo‘yiladi?

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети