Qizlarning mo‘ylabi yoki amaldorning katta qorni... O‘zi nima muhim?
Xalqning ishongan vakillari —vazirlar, deputatlar, hokimlarning qovun tushirishi, tez-tez o‘zlarining «qimmatli» takliflari bilan ijtimoiy tarmoqdagi trendlarni yangilab turishi yangilik bo‘lmay qoldi — ko‘nikdik, bori shu, boshqasini qayerdan topamiz.
Uzoqqa bormaylik, yaqin uch oyda bir emas, ikki emas, naq besh nafar «ishongan tog‘»larimiz katta-katta qovunni tushirib, yoribam tashlashdi. Esingizda bo‘lsa, saylov arafasida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarni soliqqa tortishni taklif qilgandi. Hurmatli deputatimizning jarangdor da’vatini biz unutgan bo‘lsak-da, chetda yurgan minglab migrantlarimiz hatto yod ham olishgan:
«Taraqqiyotimiz uchun soliqlarning o‘rni juda muhim. Nima uchun bizda migrantlar xorijda ishlab, daromadidan soliq to‘lamasligi kerak? Migrantlarning oilasiga jo‘natgan pulidan soliq undirilsa mamlakat taraqqiyoti uchun ishlatilardi. Shuning uchun kelinglar, vatanparvar bo‘laylik, migrantlar ham mamlakat taraqqiyoti uchun solig‘ini to‘lasin».
Keyingi qovun tushirish bo‘yicha estafetani prezident saylovida Xalq demokratik partiyasidan nomzod – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova oldi. Ya’ni, pivo iste’mol qilish ayollarda testosteron gormoni miqdorining oshishi, lab ustida mo‘ylar o‘sib «pivo mo‘ylabi» paydo bo‘lishiga, shuningdek bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin, deya parlament quyi palatasi saytida maqola e’lon qildi. Asli kasbi shifokor bo‘lgan Vorisovaning yozishicha, «aksariyat kasalliklarning oldini olishda insonning kechirayotgan turmush tarzi katta ahamiyatga ega». (Eslab qoling, kechirayotgan turmush tarzi iborasini).
«Bir kilo ozganga 500 ming so‘m beramiz», deya murojaat bilan chiqqan Farg‘ona hokimining qayd etishicha, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida vazn tashlagan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda viloyatda yashovchi me’yordan ortiqcha vaznga ega fuqarolar, maxsus dastur doirasida ro‘yxatdan o‘tib, ortiqcha vaznni yo‘qotishga erishsalar, har bir kilogram ozish uchun 500 ming so‘m miqdorida pul beriladi. Barcha ijro organlari bu tajribani ommalashtirish bo‘yicha ish olib boradilar. Bu borada maxsus nizom ishlab chiqiladi. Dasturda ishtirok etish istagidagi fuqarolar yashash joyi bo‘yicha poliklinikada vaznni tortirib, qayddan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Olti oydan so‘ngra takroriy ko‘rik o‘tkaziladi, bir yil davomida qayd etilgan natijaga ko‘ra, eng kamida 5 kg vazn yo‘qotishga erisha olgan fuqarolarga to‘lov amalga oshiriladi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning va’dasi Farg‘ona hokiminikidan ham quyuq bo‘ldi: «Bitta mahallada besh yuzta xonadondan hech bo‘lmasa bittadan chiqib bir oy ertalab va kechqurun bir soatdan piyoda yursa, o‘sha mahalladagilarning barchasini Samarqand va Buxoroga sayohatga yuboraman. Agarda mahalla raisi, profilaktika inspektori va ularning atrofidagilar uch oy davomida xonadonlardagi fuqarolarni piyoda yurishga jalb etishni tashkillashtirib bersa, ularni Dubayga yuboraman». Hokim prezidentimizga «andijonliklar hammamiz yuramiz», deb va’da berarkan, oddiy xalqqa esa rag‘bat, mukofotni «quyuq qiladi».
Hech qancha vaqt o‘tmasdan Qashqadaryo viloyat hokimi v.b Murotjon Azimov: «Yangi yil yakunida ajrimlar sodir etilmagan har bir mahalla raisiga, mahalliy budjetlardan 5 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha mukofot puli berishni yo‘lga qo‘ysak, deputatlarimiz bunga qarshi bo‘lishmasa, ajrimlar kuzatilmagan mahallalar raislarini yurtimizdagi eng yaxshi sanatoriyalarga ham yuboramiz», — deya barchani ajrashmaslikka, ho‘lu quruqni baravar yonishga chaqiradi...
Shularni yoza turib savollar tug‘iladi. Nahotki deputat Alisher Qodirov yurtimizda minglab hamyurtlarimiz chetga ishlashga ketayotganining sabablarini bilmasa? Ularni ortga qaytarish, deputat sifatida ish o‘rinlarini yaratish takliflari bilan chiqish xayoliga kelmasa? Qanchadan- qancha bolalar bugun otasiz, onasiz voyaga yetayotganini, buning ortidan mehrdan mosuvo avlod paydo bo‘layotganini ko‘rmasa?
Yana bir deputatimiz M.Vorisova balki shifokor sifatida sog‘lig‘imizga qayg‘urib to‘g‘ri ma’lumotlarni bergandir. Ammo qanchadan-qancha qizlarimiz sovuq uylarda bosh yuvib kasal bo‘layotganini bilmasa. Qanchadan-qancha ayollarimiz reproduktiv salomatlikdan bebahra yashayotganidan xabari bo‘lmasligi mumkinmi? Jurnalistlarning shuncha bong urishiga qaramay ayollarning tappi qo‘li trenddan tushmayapti. Vorisova shifokor sifatida tappining zararli tutuni, uni qo‘lga ushlaganda yuqadigan mikrobi haqida bilmaydimi? Qishloqlarda ayollar turmush tarziga qanchalik rioya qiladi va buning imkoni qay darajada?
Xalqimizga ketma-ket murojaatlar bilan chiqayotgan hokimlarchi? Shunday chiqishlarning o‘rniga xalqning murojaatini, nohaqliklarni bartaraf qilishlariga bosh qotirishini istardim. Hal bo‘lishi qiyin masalalarga o‘zining kuchi yetmasa prezidentga murojaat bilan chiqishlarini istardim. Qiziq, yurtimizda pivo ichadigan ayollar ko‘pmi yoki boshini sovuq uylarda yuvadigan ayollarmi, yoki tappidan qo‘li chiqmayotgan kelinlarmi? Yoki yurtimizda qoni kam, to‘yib ovqat yemayotgan ayollar, bolalar ko‘pmi, qorni katta amaldorlarmi? O‘sha hokim fuqarolariga ma’lum muddatda qorningni yo‘qotmasang, vazn tashlamasang ishdan ketasan, ishga olinmaysan hech qayerga, degan masalani ko‘ndalang qo‘ysa adolatliroq bo‘larmidi?
Yoki ajrimlar, yarashtirish masalasi. Nahotki, qashqadaryolik hokimimiz o‘z joniga suiqasd qilayotgan ayollar, hech kim ajrashtirmagach, yarashtirib qo‘yavergach, bir-birining qotiliga aylangan er-xotinlar, alamzada kelinining qurboniga aylangan qaynonalar haqida bilmasa. O‘sha pulni balki, bir-biri bilan kelishmayotgan oilaning kamini butlash uchun berilsa yo‘qchilikdan yuz berayotgan janjallar barham topar. Mahalla raisini sanatoriyaga emas, asablari tarang bo‘lgan kelinni, qaynona yoki erni sanatoriyaga dam olishga jo‘natish kerakdir?
Nima uchun muammoga yechim topishga bosh qotirishdan ham ko‘ra, osongina rag‘bat bilan muammoni yashirib gazak oldirish kerak?
Trendga aylangan qovun tushirishlarni muhokama qilgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari «nimaga bular shunday fikrlaydi», degan izohlarni yozishadi. Rostdan ham savol tug‘iladi, nimaga shunday fikrlaysizlar? Boshqa taklif bildirishga, jo‘yali yechim topishga nahotki aqllaringiz yetmaydi, desam izzat nafslaringizga tekkan bo‘laman. Ammo aytilgan fikrga qarab xalqning o‘zi sizlarga bahoni beraveradi. Shuning uchun balki jim turish kerakdir, agar jo‘yali taklif, fikr bo‘lmasa. O‘sha oxirgi ham barchani o‘ylantirayotgan katta «MUAMMOLAR»: umuman rivojlanishimiz uchun nima muhim – qizlarning mo‘ylabimi yoki amaldorning katta qorni?
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter