Navoiy viloyatida ikki kun: ham ko‘zni quvontirgan, ham o‘yga toldirgan taassurotlar
Jurnalist doimo odamlar orasida, demakki hayotning ichida yuradi, umri davomida qanchadan-qancha insonlar bilan suhbatlashadi.
Navoiyda ikki kun
Jurnalist quvontiradigan narsani ko‘rganida quvonmasa, hayajonlanmasa, dardli holatlarni ko‘rganida ko‘ziga yosh kelmasa uning yozgani ham soxta va jo‘n bo‘lib qoladi. Jurnalistdan talab qilinadigani yagona — xolislik.
Ba’zida ijtimoiy tarmoqlarda bir insonning shikoyatli chiqishlarini kuzatib rahmimiz keladi, uni shu ko‘ylarga solganlardan nafratlanamiz. Ammo jurnalist tanganing ikkinchi tomoni borligini ham unutmaslik kerak. Chunki ikki tomon eshitilgachgina muammoga yechim topiladi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan «Jurnalist va hayot» loyihasi doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan press-tur tadbirlari muammolar girdobida qolib ketgan jurnalistni biroz chalg‘itadi, O‘zbekiston yutuqlarga erishayotgani haqida ham o‘ylash, kuzatish imkonini beradi. Aytishadiku «yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra» deb. Bunday press-turlarda sizni kutib oladigan hudud o‘z muammolari bilan emas, albatta, yutuqlari bilan peshvoz chiqadi. Va o‘sha yutuqlarni ko‘rsatish qay bir ma’noda kelgusidagi ezgu amallarga motivatsiya berishi shubhasiz.
«Baht-Textile»ning shovqinli hayoti
Hech qaysi shaharga o‘xshamaydigan Navoiyda rostdan ham bunyodkorlik ishlari avjida. Shu bilan birga, sanoatlashgan shahar emasmi, aholining ish bilan ta’minlanganlik statistikasi boshqa hududlarga qaraganda qoniqarli.
Tashrifni «Baht-Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishishdan boshladik. Mazkur korxonaning tashkil topganiga o‘n yildan oshgan, bugungi kunda viloyatdagi paxtachilik bo‘yicha yirik klaster sub’yekti sanaladi. 1300 nafardan ziyod ishchi-xodim faoliyat olib borayotgan korxonada Shveysariyaning yengil sanoat dastgohlari ishlab chiqaruvchi «RIETER» kompaniyasidan ip yigiruv dastgohlari o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tgan yili jamiyatning ishlab chiqarish quvvati yiliga 27000 tonna kalava ip ishlab chiqarishga yetkazildi. Korxona viloyatda yetishtirilayotgan paxta tolasining 70 foizini qayta ishlab, yarim tayyor va tayyor mahsulot ko‘rinishiga olib kelmoqda. Hozirgi kunda jamiyatning ustav jamg‘armasi 10.007.554 AQSh dollarini tashkil qiladi.
Ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishar ekanmiz, ishchi-xodimlar bilan muloqot jarayonida yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdik. Tashqarida sovuq izg‘irin, ammo ichkarida 30 daraja issiq, ya’ni dastgohlar mana shunday issiq havo harorati bo‘lmasa ishlamaydi. Ishchilarning juda yengil kiyimda ishlayotgani «tashqarida qor, uning uyida bahor» degan kayfiyatni uyg‘otadi.
Shu o‘rinda bu yerda yaratilgan shart-sharoitlarning yaxshiligi — issiq ovqat, maxsus kiyim-bosh, kiyinish va yuvinish xonalari bilan birga e’tibor beradigan jihatlarini ham aytib o‘tsam. Maqolaning boshida bejizga xolislik haqida eslatmadim. Korxonaning ichi haddan ortiq shovqin ekanligi bois biror insonning gapini eshitib bo‘lmaydi.
Ma’lumki, to‘quvchilik korxonalarida shovqin 80 dBdan 110 dBgacha yetadi. Agar ish joydagi shovqin 80 dBdan oshsa bu inson sog‘lig‘i, ya’ni markaziy nerv tizimi zararlanadi, shovqin 100 dBdan oshsa butunlay kar bo‘lib qolish ehtimoli ham yo‘q emas. Qolaversa, yigirilayotgan mahsulotlardan chiqayotgan chang zarralari o‘pkaga joylashadi, ya’ni «bissinoz» kasalligi kelib chiqishi mumkinligini ham unutmaylik. Aynan mana shu ikki holat uchun ishchilar respirator va quloqchinlar bilan ta’minlanishi lozim edi. Kompaniyaning rahbarlari ishchilar sog‘lig‘i bilan bog‘liq ushbu holatga ham e’tibor beradi, degan umiddamiz.
Albatta, bu yerdagi shart-sharoitlardan tashqari ishchilarning maoshi har birimiz uchun qiziq edi. Bizni ish jarayoni bilan tanishtirgan mexanik yigit ishchilarning oyligini 1 mln.dan 2 yarim milliongacha ekanligini aytib o‘tdi. Ismini aytishni xohlamagan shovqinli va dim sharoitda ishlayotgan ayolning 950 ming maosh olishini, «oyligimiz ko‘tarilsa qani edi» degan nolishini emas, istihola bilan aytilgan taklifini arang eshitdim.
Sakkiz soatlik haddan ortiq issiq va shovqinli sharoitda ishlaydigan ishchilarga hatto 2 million ham kamdek tuyuldi, agar yuqorida keltirilgan mana bu kattagina raqam, ya’ni — ustav jamg‘armasi 10.007.554 AQSh dollarini tashkil qilishi, albatta, mana shu ishchilarning mehnatlari evaziga ekanligini unutmasak bo‘ldi.
Ochig‘i zamonaviy texnologiyalar, stanokni kompyuterda boshqarayotgan ishchilar — barcha-barchasi bugungi O‘zbekiston imijiga mos, ko‘rgan ko‘zni quvnatadi. Aholining ish bilan ta’minlanganligi, shukr qilayotgani ham bor gap, faqatgina bitta lekini — yangi O‘zbekistonning yangi imijiga eski standartdagi ozgina maosh— bir millonga yetar-yetmas oylik to‘g‘ri kelmaydi.
Internetga kirmaydigan bolalar
Navoiy faqatgina sanoatlashgan hudud emas, balki ta’lim tizimida ham qator ijobiy natijalar qo‘lga kiritgani, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining «REYTING-2019» natijalari bo‘yicha Davlat test markazi tahlillari asosida oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha viloyat respublikada 2-o‘rin, Navoiy shahri esa 1-o‘rinni egallagani e’tiborlidir.
Biz shahardagi Navoiy-Qorako‘l ixtisoslashtirilgan maktabi faoliyatini ko‘zdan kechirdik. Poytaxt sharoitidan qolishmaydigan maktabga ochig‘i havasimiz keldi. Matematika, fizika va ingliz tili fanlariga ixtisoslashtirilgan 360 o‘rinli mazkur maktab internati joriy o‘quv yilidan ish boshladi. Maktab-internatiga o‘quvchilarni saralab olish jarayonlari 5 bosqichda amalga oshirilibdi. Dars o‘tayotgan bolalarni ozroq chalg‘itdik. Savol berdim: «Matematika masalalariga javob izlash ko‘p vaqtni oladi. Internet yaxshi ishlaydigan ushbu muassasada qaysi tarmoqlarga kirasizlar». Bu savolni berishimdan maqsad hozir internetga kirmaydigan yoshlarni topish muammoligi edi, ammo borakan-da internetga kirmaydigan bolalar. Ular o‘qishdan chalg‘imasligi uchun telefon tutmas ekan. «Bizning vaqtimiz yo‘q, internetga kirgani» — dedi bolalar, — «bu yerda o‘quvchilarning o‘zlashtirolmasligi uyat hisoblanadi. Hamma bir-biridan qolib ketmaslik uchun harakat qiladi».
Gazeta-jurnal o‘qimaydigan bolalar
Tan olish kerak, o‘tgan yilgi obuna mashmashasidan keyin ta’lim muassasalari ko‘pgina gazeta-jurnallarga obuna bo‘lmay qo‘ydi. Shu bois men gaplashgan bolalarning birortasi «Gulxan», «Tong yulduzi» va shunga o‘xshash gazeta-jurnallarni o‘qimas ekan. Ammo quvontiradigan tomoni — har bir sinf xonasining kitob javoni va badiiy kitoblarning saralari borligi bo‘ldi.
Men yana savol berdim: «Bo‘lg‘usi iqtisodchi, matematik badiiy adabiyot o‘qishi shartmi?». Bolalar baravariga qo‘l ko‘tarishdi va shart deyishdi. Buni Humoyun ismli o‘quvchi shunday izohladi: «Biz bu yerda nafaqat matematika, balki ingliz tilidan ham saboq olamiz. Endi aytingchi biror joyga ishga borsak, o‘z fikrimizni chiroyli qilib yetkazsak va xato bilan yozsak, uyat bo‘lmaydimi? Grammatika qoidalarini bilmasak, imlo xatolari bilan yozsak, nutqimiz ravon bo‘lmasa bizning matematikani oliy darajada bilishimiz kelajakda ish bermasligi mumkin. Matematika bilan adabiyot uyg‘un. Tabiiy fanlar bizga hisob kitobli yashashni o‘rgatsa, adabiyot hayotdan saboq beradi».
Sakkiz million oladigan o‘qituvchi
Qorako‘l maktabiga o‘qituvchilarning tanlab olinishing o‘zi bir yutuq. Tanlab olingan o‘qituvchilarning orasida saralangan o‘qituvchining bo‘lishi esa xazina. Zafar Jumayev Gretsiyada fan olimpiadasida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi bir paytlar. Ayni paytda Zafarjon saboq berishini istaydiganlarning ko‘pligi bois uning dars soatlari ham boshqalarnikidan ko‘proq. Va mehnatiga yarasha haq oladi. Aytib o‘tish kerakki, bu maktabda o‘quvchilar o‘qituvchisining darsidan qoniqmasa, bemalol boshqa ustozni tanlay olish huquqiga ham egalar.
— Zafarga o‘xshagan bilimli, mas’uliyatli o‘qituvchilarga sharoit yaratib bersangiz barcha imkonlarini ishga sola biladilar, — deydi maktab direktori Nurullo Yahyoyev. — Bu maktab yutuqlarining yana bir siri Buxorodagi o‘zim ishlagan Qorako‘l maktabi tashkil qilinganiga 30 yil bo‘lgan bo‘lsa, na o‘qituvchi, na o‘quvchilar biron marta paxta terimiga jalb qilinmagan.
Toshlarni jon kirgizayotgan odamlar
Press-turning ikkinchi kuni Yangi O‘zbekistonning yangi shahri — G‘ozg‘onda davom etdi. G‘ozg‘on shahri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan rasman 2019 yil 3 may kuni tashkil topgan. Maydoni 59,4 ming gektarni, aholisi esa 8,4 ming kishidan iborat. Ushbu hudud Markaziy Osiyodagi pardozbop toshlar, xususan granit va marmar yirik zahiralariga ega eng boy hudud sanaladi.
Hozirgi kunda «Marmarobod» klaster korxonasiga tegishli 2 ta karerda yangi uskunalarda granit toshlarni zamonaviy usullarda qazish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda korxonada 400 nafar mahalliy yoshlar uch smenada ish olib bormoqda. Mazkur klasterning umumiy qiymati 52 million dollar bo‘lib, 14 ta loyiha amaliyotga tatbiq etiladi. Natijada konlardagi ishchilar bilan birga 850 ta yangi ish o‘rini yaratiladi. O‘tgan qisqa davr ichida korxona hududidagi maydoni 11000 kv.m. bo‘lgan asosiy bino va yana 10 ta kichik loyiha binolari qurilishi yakunlandi. Bankning 4 million dollarlik imtiyozli mablag‘lari hisobiga Xitoy davlatidan zamonaviy uskunalar keltirildi. Shuningdek, Xitoydan 4 nafar malakali muhandis-mutaxassislar jalb qilinib, ular tomonidan yangi uskunalar montaj qilindi hamda mahalliy yoshlar unda ishlashga o‘rgatildi.
Korxona rahbari Mahmud Sharofatovning ta’kidlashicha, yiliga 70 ming kub tosh qazib olish va 1,2 million metr kvadrat toshni qayta ishlash quvvatiga ega korxona tomonidan yangi uskunalarda zamonaviy usullarda Pashshot, Parg‘at karerlaridan granit toshlarni qazish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda korxonada 400 nafar mahalliy yoshlar uch smenada ish olib bormoqda.
Bu yerda biz ilk tashrif buyurganimiz «Baht-Textile» korxonasidan farqli o‘laroq juda sovuq ekanligiga amin bo‘ldik. Isitishning ham imkoni yo‘q. Sababi marmar toshlarni kesishda va pardozlashda sovuq suvdan foydalanishadi. Ammo ishchilar boshdan oyoq suv o‘tkazmaydigan liboslar bilan ta’minlangan. Sovqotishganida issiq choy ichishlari, ovqatlanishlari uchun issiqqina oshxona bor.
Yaxshi ishchi mahalladan ortmaydi
Yana bir tanishgan korxonamiz Navbahor tumani «Qalqonota» mahallasida tashkil «Navbahor kasaba chevarlari» MChJ faoliyati bo‘ldi. Mazkur zamonaviy tikuvchilik fabrikasida 100 nafardan ziyod xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Yana bo‘sh ishchi o‘rinlariga yaqin o‘rtadagi mahallalardan xotin-qizlarni ro‘yxatga qo‘yishmoqda ekan.
«Ayollarning qatnashi uchun transport xizmati yo‘lga qo‘yilganmi», degan savolga korxona texnologi Zarifa Bozorova shunday javob berdi: «Barcha ishchilarni shu atrofdan taklif qilganmiz, sababi avtobusni o‘rniga ikki oilani ish bilan ta’minlaymiz».
Zarifaxonning ma’lumotiga ko‘ra, bu yerga ishga keladigan ayollar 3 oylik o‘quv kurslarida malaka oshirar va bu davr uchun hatto stipendiya ham to‘lanar ekan. Barcha yangi tashkil qilinayotgan korxonalar kabi bu yerda ham issiq ovqat va boshqa shart-sharoitlar mavjud. Ayollar tushlikka va yo‘l kirasiga pul ketmayotganiga bir milliondan oshiqroq oylik to‘lig‘icha uyga kirib borayotganiga xursand. Ammo men xolis inson sifatida yana o‘sha gapni takrorlayman: yuqorida yozganimiz G‘ozg‘on «Marmarobod» klaster korxonasi hamda «Navbahor kasaba chevarlari» oyligi 3 milliongacha yetkazilsa matbuot kotibi Dilshod Mamarajabov aytganidek, navoiylik yoshlar shuncha ish o‘rinlari yaratilayotganiga qaramay xorijga intilmaydilar.
Press-turdan olgan taassurotlarimiz talaygina. Navoiy shahridagi Amir Temur va G‘alaba ko‘chalari chorrahasida piyodalar uchun qurilgan g‘ayrioddiy labirintmonand uch aylanma harakatli — zinadan tashqari, keksalar va 1 ta yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lgan odamlar uchun pandusli va liftli ko‘prik, «Shuhrat» medali, «El-yurt» ordeni mukofoti sohibi, toshtaroshlarning beshinchi vakili sangtarosh ota Tohir Rahimov, sariqqa bo‘yalgan arzon taksilar, yo‘lovchilari va haydovchilari o‘zaro bir birini hurmat qilishlari, haqiqiy mo‘’jiza «Navoiy-Siti», «snos» muammosining yo‘qligi, Nurota tumanida «Chashma» me’moriy majmuasida olib borilayotgan beqiyos bunyodkorlik jarayonlari, har juma kuni ko‘rinadigan tilla baliqlar, navoiylik faol jurnalistlarga uyushma tomonidan topshirilgan esdalik sovg‘alari, viloyat hokimi Qobiljon Tursunov bilan vokzalda o‘tgan qisqa matbuot anjumani haqida ham to‘xtalishim mumkin edi. Lekin bularning barchasi alohida-alohida maqola bo‘lishga arziydigan mavzular. Ayniqsa, Samarqand vokzalida eng kichik nonning 6 ming so‘mdan sotilishi, birgina bekatda sotishga ruxsat berilgani uchun monopoliyalashgani haqida ham qachondir, albatta, yozaman.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter