Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Biz bolajon xalq emasmiz yoxud bolaning begonasi bo‘larkan

Biz bolajon xalq emasmiz yoxud bolaning begonasi bo‘larkan

Ertalab yangiliklar lentasida «Samarqandda bolalarga berilishi kerak bo‘lgan 12 kg go‘sht suyakka aylanib qoldimi?» degan xabarni o‘qib  bolajon xalqligimiz esimga tushib ketdi.

Nimagadir mana shunday xabarlarga duch kelganimda bolajon xalqmiz, degan iborani kim birinchi bo‘lib aytgan ekan, deb o‘ylayman.

Bizda bolani sevish qayergacha? Tug‘ilgunichami?

To‘g‘ri, biz bolaning dunyoga kelishini intiqib kutamiz, ketma-ket dunyoga keltirishni o‘ylaymiz. Lekin bolaning sog‘lig‘i, uning sifatli ovqatlanishi, sifatli ta’lim olishi borasida bu ibora sirayam o‘zini oqlamaydi.

Bolaning begonasi bo‘lmaydi, degan iborayam bor. Boshqa mamlakatlarni bilmadimu, lekin bizning yurtda begona bolalar ko‘p. Masalan, ota-ona ajrashsa bola o‘sha kuni buvi va buvaga begonaga aylanadi. Hatto bola onasi bilan qoladigan bo‘lsa, o‘sha kuni ona-bola ko‘chaga quvib chiqariladi. Endi osongina ajralishlarni ayting, qaynota-qaynonalarga kelin yoqmay qolsa, bolasi borligiga ham qaramay o‘zining egosini qondirish uchun o‘g‘lini osongina ajratib boshqasiga osongina uylantirib qo‘yishadi. Kechagina «kelinim tug‘madi» deb butun olamga jar solgan qaynona kelin tuqqach, bola ham ko‘ziga ko‘rinmay ajratib yuborishi oddiy holga aylangan. 

Etibor bering-a, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha nikohdan ajralishlar soni jami 25 400 tani tashkil etgan. 1 nafar farzand bilan nikohdan ajralishlar soni 13 186 tani, 2 va undan ortiq farzand bilan ajralishlar 5 505 tani tashkil etgan.  Demak, 30 mingga yaqin bola yaqin qarindoshlariga allaqachon begonaga aylandi...

Bolalar begona ekanligi bog‘chadayoq ayon bo‘ladi. Ayrim bog‘chalarda bolalar uchun ajratilayotgan oziq-ovqatlar talon-taroj qilinadi. Yo bo‘lmasa, sifatsiz va muddati o‘tgan ovqatni hech o‘ylanmay «o‘tkazishadi».  O‘tgan yili 16-18 sentyabr oralig‘ida Qarshi va Farg‘onadagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanish sodir bo‘ldi, undan sal oldinroq Namanganda tort yegan 15 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan, degan xabarlar internet saytlarni «bezab» turibdi. Yanayam dahshatlisi o‘sha vaqt oralig‘ida Angrenda bir yo‘la uch bog‘chada tarbiyalanuvchilar zaharlangan... E’tibor bersangiz, katta-katta ma’rakalarda yoki to‘ylarda emas, aynan bog‘chalarda zaharlanishlar ko‘p uchraydi. Chunki ma’rakayu to‘ylarda sarxil yemaklar tayyorlanadi-da. Bog‘chalarda esa bolalar na ovqatning ayniganini yoki na buzilganini aytib beraoladi.

Biz bolajon xalq emasmiz. Hatto bizga o‘zimiznikidan boshqa bolalar besh begona...

O‘tgan yili 3 avgust kuni Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi bog‘chada 5 yoshli bola vafot etgani ma’lum qilindi.

Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasiga ko‘ra, tumandagi Toma mahallasida joylashgan 24-son davlat Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi O‘.Sh.A (5 yosh)ning tushlikdan so‘ng tobi qochgan. Zudlik bilan tez yordam chaqirilgan, ammo bola vafot etgan.

Avvalroq Namangan viloyati, Chust tuman MTBga qarashli 64-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 1 avgust kuni noxush voqea sodir bo‘ldi. MTV mazkur hodisa yuzasidan maxsus bayonot bilan chiqdi.

Dastlabki o‘rganish bo‘yicha, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori, MTT hamshirasi, tarbiyachi, yordamchi tarbiyachisining so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilda tug‘ilgan A.Sh. joriy yilning 1 avgust kuni ertalab MTTga qabul qilingan. Ta’limiy faoliyatga yaxshi qatnashgan. Kun tartibiga ko‘ra tushlik qilgan va gigiyena qoidalariga amal qilgach barcha tarbiyalanuvchilar qatori uxlashga yotgan va qaytib uyg‘onmagan.

Tibbiyot xodimlarining harakatlariga qaramay bola vafot etgan. O‘lim haqidagi ma’lumotnomaga asosan quyi nafas yo‘llarining aniqlanmagan o‘tkir respirator infeksiyasi; o‘pka shishishi o‘lim sababi etib ko‘rsatilgan.

Undan avvalroq esa Shahrisabzda ham bola bog‘chada noxush holat qurboniga aylangandi.

Xitoyda o‘z hamkasbidan qasos olmoqchi bo‘lib, 25 nafar bolani zaharlagan bog‘cha tarbiyachisiga nisbatan shu yil iyul oyida o‘lim jazosi joriy etildi. U 13 iyul kuni qatl etildi, deb yozadi The Paper.

2019-yil mart oyida Szyaotszo shahridagi bolalar bog‘chasida ommaviy ovqatdan zaharlanish sodir bo‘ldi. Politsiya tarbiyachi Van Yunning bog‘cha bolalari bo‘tqasiga natriy nitrit qo‘shganini aniqladi. Zaharlangan bolalardan biri 10 oylik davolanishdan keyin vafot etdi.

Jinoyatga tarbiyachining bolalar bog‘chasidagi hamkasbi bilan kelishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Vang Yun birinchi instansiya sudi tomonidan o‘limga hukm qilindi. Keyinchalik, Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Ommaviy zaharlanishdan keyin bolalar bog‘chasi yopilgan.

Bizda bolalar bog‘chasi yopilishi uyoqda tursin aybdorlarga og‘irroq jazo ham berilayotgani yo‘q.

Statistika ma’lumotlari ham bolajon xalq emasligimizni yana bir bor isbotlaydi. E’tibor bering, O‘zbekistonda 2022-yilda 7885 nafar go‘dak o‘limi qayd etilgan. Bu haqda Statistika agentligi boshqarma boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshev matbuot anjumanida ma’lum qilgandi. 2020-yili go‘daklar o‘limi 6 860tani, onalar o‘limi 155tani tashkil etgan. 

2021-yilda O‘zbekistonda go‘daklar o‘limi 7 214 tani tashkil etgan bo‘lib, 2020-yilga nisbatan 160 taga oshgan.

Xo‘sh, bolalarning o‘limiga faqat tibbiyot aybdormi? Yo‘q, nafaqat tibbiyot, balki yosh ona va yosh onaning sog‘lig‘i haqida qayg‘urmagan ota-ona, yangi kelinni ayamagan qaynona-qaynota, er aybdor.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayollar guruhida juda ko‘p anonimlarning dardlarini eshitishimizga to‘g‘ri keladi: Ularning barchasi jismoniy charchoqdan tortib, ruhiy iztiroblargacha? Eng ajablanarlisi, bo‘lg‘usi onaning sog‘lig‘ini yemirib undan sog‘lom bola kutishlari...

Bola tug‘ildi. Uning kiyim kechagi, unga atalgan tadbirlarga pul havoga sovuriladi, lekin uning sog‘lig‘i, ruhiyatidagi o‘zgarishlar yana e’tiborsiz qoldiriladi.

Xorijlikning 3 yosh bolasi otasini tok urganda qanday qilib yordam berish ko‘nikmasi shakllanganda, bizdagi uch yosh bola bir dona konfetga erishish uchun yerga dumalab yig‘layotgan bo‘ladi. Xorijliklar uch yosh bola bilan katta odamdek gaplashib, uni katta odamdek eshitib – «men»ini shakllantirgan bir paytda biznikilar uch yosh bolani eshitish, tinglash, uni qabul qilish o‘rniga faqat konfet berib ovutayotgan bo‘ladi. Bizning bolajonligimiz mana shunday aks etadi...

Kuz yaqinlashayapti, buyog‘i qish. Endi xabar lentalarini is gazi bilan bog‘liq fojealar to‘ldirishni boshlaydi. Bir oiladan bolajonlarning qatorlashib vafot etishini eng dahshatlisi oddiy qabul qiladigan bo‘ldik.

Yana xabarlar lentasini varaqlaymiz, is gazi deb qidiruvga bersangiz ayanchli voqealar, faktlar ko‘zingizni is gazidek yoshlantiradi, achitadi, bo‘g‘adi: Qashqadaryoda bir  oilaning uch nafar a’zosi uning biri bola,  Xorazmda  fuqaro va uning nevarasi, Buxoro viloyatida  besh kishilik oiladan 2 nafar bola, Jizzaxda qariya ayol va uning ikki nabirasi, Buxoroda 2-sinf o‘quvchisi, To‘rtko‘l tumanida yashagan ota va uning uch farzandi... Samarqand viloyatida to‘rtta holatda 8 kishi is gazidan vafot etgan. Ularning 5 nafari yosh bolalar...

XXI-asrda yashayapmiz. Mana bugun yana bitta xabar o‘qidim: Yaponiyalik olimlar sun’iy intellekt asosida tovuq «tili» tarjimonini yaratdilar.

Ular tovuqning tilini tushunish orqali  parrandaning hissiyotlarini aniqlaydilar. Biz esa hali hamon bolalarning o‘limiga sabab bo‘layotgan, ammo uning oldini olishning oson jihatlarini bartaraf etolmayapmiz. Aniqrog‘i, yaponlar tovuqlarning sharoitini yaxshilash kerakligi haqida qayg‘urayotganda biz bolalar uchun ajratilgan go‘shtni o‘g‘irlab yeyapmiz.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali yana xabarlarga ko‘zim tushadi, guruppalardagi anonim maktublarni o‘qiyman: «Menga maslahat bering uch bolam bilan erim uydan haydab chiqardi, buyog‘i qish, bolalarimning kiyimi yo‘q, eng kichigim 6 oylik, qanday pul topsam bo‘ladi», «Opam uch bolasini menga tashlab ishlashga xorijga ketdi, bolalarga qarashga imkonim yo‘q, yetimxonaga topshirmoqchiman», «Qo‘shnim ichib olib ikki bolasini uradi, bechoralar maktabgayam bormaydi, bir necha yillardan beri shu ahvol», «Kelinim bolalarini bizga tashlab o‘zi turmushga chiqib ketdi, kichkinasi 8 oylik...»

Biz bolajon xalq emasmiz. Bizga hatto qo‘shnining bolasi begona...

 Dok-1 Maks dorisidan  60 dan oshiq bola o‘ldi.  Uch kun oldin Chustda 70 nafardan ortiq bolalar yod  pereparatlarini qabul qilgach mazasi bo‘lmay shifoxonaga yotqizildi.

Bolalar sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yish evaziga ovqatni, dorini biznesga aylantirayotganlar, daromad olayotganlarni kim deb atash mumkin? O‘g‘li va kelini ajrashsa nevarasidan bir xabar olmaydigan kattalarni-chi? Bog‘chada bolalar uchun ajratilgan oziq-ovqatlarning barakasini uchirayotgan yuholarning ham bolalari bordir? Is gazidan o‘layotgan bolajonlarni indamay tomosha qilayotgan gaz sotarlarga havo yetishmay qolgan paytlar ham bo‘larmikan?

Hali buyoqda avtohalokat, degan fojeani tahlil qilmadik. Undagi raqamlar, kulfatlar hech ham bolajon xalq emasligimizni anglatib turibdi: O‘zbekistonda 2022-yilning yanvar-oktyabr oylari davomida 7 636 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) qayd etilib, ular oqibatida 7 174 kishi jarohatlangan, 1 931 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning 226 nafari bolalardir. O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari natijasida 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi Yevropa davlatlariga qaraganda 4 barobar ko‘p...

Shundan keyin ham ayta olamizmi biz bolajon xalqmiz deb yoki bolaning begonasi bo‘lmaydi deb siz ayta olasizmi?

Barno Sultonova

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети