«Yaqin Sharqda kuch usulidan voz kechish vaqti keldi» – Qozog‘iston senati raisi
So‘nggi yillarda insoniyat misli ko‘rilmagan tahdidlarga duch keldi va kurrai arzdagi barcha ixtiloflar bir-biriga bog‘liq bo‘lib qolmoqda, deydi Qozog‘iston Parlamenti senati raisi, Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi kotibiyati rahbari Maulen Ashimbayev.
Bugun, 8 oktyabr kuni Ostona shahrida boshlangan Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi kotibiyatining XXII majlisida nutq so‘zlagan Maulen Ashimbayev Yaqin Sharqdagi vaziyatga alohida to‘xtaldi, deb xabar bermoqda Xabar.uz muxbiri.
«Hozir Yaqin Sharqda o‘ta murakkab vaziyat yuzaga keldi. Biz barchamiz ushbu mintaqada taranglik muttasil kuchayib borayotganidan juda xavotirdamiz. Qozog‘iston tinch aholi qurbon bo‘lmasligi va vaziyat yanada murakkablashmasligi uchun barcha tomonlarni kuch usullaridan voz kechishga chaqiradi. Bu jihatdan, Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarni BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyillari doirasida, faqat siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga doir shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rish lozimligini ta’kidlaymiz», – dedi Qozog‘iston Parlamenti senati raisi.
Notiq dunyo bo‘ylab «qaynoq nuqtalar» ko‘payib borayotgani, qurollanish poygasi avj olayotgani, qashshoqlik, tabaqalanish, iqlim bo‘hronlari kuchayayotgani, ixtiloflar xalqaro tartib-intizomni izdan chiqarayotganini urg‘uladi.
U, shuningdek, «nafrat tili» keng tarqalayotganini xavotirli tendensiya deb baholadi.
«Biz turli kuchlar xalqaro taranglikdan radikal g‘oyalarni yoyish, ksenofobiyani kuchaytirish va «nafrat tili»ni tarqatish yo‘lida foydalanayotganini kuzatmoqdamiz. Boz ustiga, dunyoda yana terrorchi va ekstremistik guruhlar faollashdi», – dedi M.Ashimbayev.
Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi kotibiyati rahbari Yer sayyorasini o‘rgimchak turi kabi chirmab olgan ixtiloflarni bosqichma-bosqich hal etish uchun ma’naviy diplomatiyani kuchaytirishni taklif qildi.
M.Ashimbayev dinlar va tamaddunlar o‘rtasida muloqot tashabbuslarini qo‘llab-quvvvatlash Qozog‘iston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishini ham qayd etdi.
Xalqaro mashvaratda 20 dan ziyod davlat vakillari, islom, nasroniylik, yahudiylik, sintoizm, buddaviylik, hinduizm va boshqa e’tiqod namoyandalari, xalqaro tashkilotlar mas’ullari qatnashmoqda.
Anjumanda so‘z olgan turli din namoyandalari dunyoda ro‘y berayotgan ziddiyatlar, xunrezliklarning oldini olishda diniy yetakchilar faol bo‘lishi lozimligini ta’kidlayotir.
Yig‘ilishda muhim masalalar qatori 2023-2033 yillarda Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyini takomillashtirish konsepsiyasida ko‘zda tutilgan vazifalarga e’tibor qaratilmoqda.
Qozog‘iston 2003 yildan buyon Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyini o‘tkazib keladi. Mashvaratdan ko‘zlangan maqsad dinlararo muloqot an’analarini mustahkamlash, diniy jamoalar o‘rtasida o‘zaro tushunish va hurmatni chuqurlashtirishdan iboratdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter