Yaponiyada ish. Kunchiqar yurtda 14 kasb bo‘yicha mehnat qilish imkoniyati haqida
Yaponiya tashqi ishlar vazirligining «Maxsus malaka» rezidentlik maqomi tizimi bo‘yicha veb-sayti ishga tushirildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar beradi. E’tiborga molik jihati, «Maxsus malaka» tizimi bilan tanishtiruvchi saytning o‘zbek tilidagi versiyasi ham mavjud.
Yaponiya hukumati 2019-yilning aprel oyida ayrim sanoat sohalarida ishchi kuchi yetishmasligini bartaraf etish maqsadida «Maxsus malaka» rezidentlik maqomini joriy etdi. Yangi tizim mamlakatning muayyan sanoat sohalari uchun xorijlik malakali mutaxassislarni saralash, kashf etish va qabul qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, hamshiralik parvarishi, binolarni tozalash, materiallar va ishlov berish sanoati, sanoat uskunalarini ishlab chiqarish, elektronika va axborot texnologiyalari sohasi, qurilish, kemasozlik va dengiz mashinasozligi sanoati, avtomobillarni tuzatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, texnik ko‘rik va texnik xizmat ko‘rsatish, mehmonxona, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik sanoati va akvakultura, oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarish, oziq-ovqat xizmatlari sanoati kabi 14 ta kasb toifasi bo‘yicha ish taklif etiladi.
Talabgorlar kamida 18 yoshda va sog‘lom bo‘lishi, tayyorgarlik yoki trening mashg‘ulotlarsiz darhol ish boshlay olish uchun kerakli ko‘nikma va yapon tili bo‘yicha bilimga ega bo‘lishi kerak. Kasbiy malaka va til darajasi Yaponiya vakolatli idoralarining integratsiyalashgan test sinovi orqali aniqlanadi. Umumiy qoida shuki, mazkur tizim bo‘yicha nomzodlar 5 yilgacha ishlashi mumkin.
Yaponiyada ishlashga ruxsat beruvchi boshqa rezidentlik maqomlaridan ushbu tizimning asosiy farqi shundaki, tegishli bosqichlardan o‘tib Kunchiqar o‘lkaga borgan xorijliklar ish beruvchidan ham ish, ham yashash borasida keng qamrovli yordam olish imkoniga ega bo‘ladi. Jumladan, yapon jamiyatidagi tartibot va odob-axloq qoidalari haqida yo‘l-yo‘riq beriladi, ijaraga uy olish, bank hisobini ochish, ro‘yxatdan o‘tish kabi hayotiy jarayonlarda yordam taklif etiladi; yapon tilini chuqurroq o‘rganish imkoni yaratiladi; zarur hollarda yangi ish topishda ko‘mak ko‘rsatiladi.
Viza olish, malaka va til imtihonlari, umuman, ish boshlaguncha bo‘lgan jarayonlar haqida 20 ga yaqin tilda batafsil ma’lumot berilgan.
Monoetnik – bir millatli davlat sanalgan Yaponiyada immigratsiya ko‘rsatkichi u qadar yuqori emas edi. Mamlakat hukumati endilikda yuzaga kelgan ishchi kuchi taqchilligini xorijlik malakali mutaxassislarni jalb etish orqali hal etishni ko‘zlamoqda.
Hukumat mo‘ljaliga ko‘ra, yangi tizim orqali 5 yil davomida bir necha yuz ming malakali ishchi-mutaxassis jalb etiladi. COVID-19 pandemiyasi ortidan chegaralar yopilgach, dasturni to‘laqonli tatbiq etishning imkoni bo‘lmadi. Tahlilchilar epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan xorijlik malakali ishchilar uchun Kunchiqar yurt eshiklari ochilishiga umid qilmoqda.
«The Japan Times» nashri ma’lumotiga qaraganda, 2020-yil oxirida 125,8 million nufusga ega Yaponiyada 1,72 million xorijlik ishchi-xodim faoliyat yuritgan. Xorijliklar ulushi ish bilan band aholining 2,5 foizini tashkil etgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter