Yana prezident, yana korrupsiya: Li Myon Bak 15 yilga qamaldi
Koreya Respublikasi sudi mamlakatning sobiq prezidenti Li Myon Bakni korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda «Yonhap» axborot agentligi xabar berdi.
Prokuratura sobiq prezident uchun 20 yillik jazo tayinlashni talab qilgandi. Umuman olganda, Li Myon Bak 16 ta band bo‘yicha ayblangan, jumladan, soliq to‘lashdan qochish, bildirilgan ishonch va o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilish va boshqalar.
Li Myon Bak 2009 — 2013-yillarda Janubiy Koreya prezidenti bo‘lgan. U avtomobillarga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi ukasiga qarashli «DAS» kompaniyasi bilan bog‘liq korrupsion mojaroga aralashib qolgan.
Sud aniqlashicha, «DAS» kompaniyasining haqiqiy xo‘jayini prezident Li bo‘lib, u mansabdor shaxslarni sotib olish uchun fondlar tuzgan. Qolaversa, u «Samsung Electronics Co.»dan 5,85 million dollar pora olgan.
Li Myon Bak o‘ziga qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘lmayapti, hozirgi hukumatni korrupsiya niqobi ostida eski tizimga qarshi kampaniya o‘tkazayotganlikda ayblamoqda.
Li Myon Bak — jinoiy javobgarlikka tortilgan beshinchi Janubiy Koreya prezidentidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter