Venesuela Gayana bilan yuz yildan beri talashib kelayotgan Essekibo hududini o‘zining 24-shtati deb e’lon qildi
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qo‘shni Gayananing g‘arbiy qismi — Essekiboni mamlakat tarkibiga kiritish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi, deb xabar bermoqda OAV. Gayana-Essekibo deb nomlangan hudud Venesuelaning 24-shtatiga aylandi.
Venesuela prezidenti jami oltita hujjatni imzoladi. Birinchi farmon Essekibo mudofaasi bo‘yicha milliy komissiyani, ikkinchisi — Gayana-Essekibo integratsiyalashgan mudofaa zonasini yaratishni nazarda tutadi. Nikolas Maduro, shuningdek, Essekiboda davlat neft-gaz kompaniyasi bo‘linmalarini tuzish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Bundan tashqari, Maduro farmon bilan Venesuelaning yangi xaritasini ma’qulladi, unda Gayana-Essekibo hududi mamlakat tarkibida aks etgan. Kapitan Aleksis Rodriges Kabello 24-shtatning yagona rahbari etib tayinlandi.
3 dekabr kuni Venesuelada maslahat (ya’ni qonuniy kuchga ega bo‘lmagan) referendum bo‘lib o‘tdi, unda mamlakat aholisidan Gayana-Essekibo shtatini yaratishga va uning aholisiga Venesuela fuqaroligini berishga rozilik so‘raldi. Ovoz berganlarning 95 foizdan ortig‘i tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. 6 dekabr kuni Nikolas Maduro yangi Gayana-Essekibo shtati tashkil etilganini e’lon qildi.
Venesuela va Gayana yuz yildan ortiq vaqtdan beri Essekibo bo‘yicha bahslashmoqda. Venesuela uni har doim o‘ziniki deb hisoblagan, chunki mustamlakachilik davrida bu hudud zamonaviy Venesuelaning boshqa hududlari kabi Ispaniya qirolligiga tegishli edi. 1899 yilda, Gayana Britaniya mustamlakasi bo‘lganida, xalqaro arbitrlar Essekiboni Britaniya tarkibiga kiradigan chegaralarni tasdiqlashdi.
Venesuela hukumati fikricha, hozir mojaroni hal qilishning yagona yo‘li Gayana mustaqilligidan oldin Buyuk Britaniya bilan tuzilgan 1966 yildagi Jeneva kelishuvidir.
Essekibo inqirozi 2015 yilda mintaqa qirg‘oqlari yaqinidagi Gayana hududiy suvlarida neft va gaz konlari topilganidan keyin yanada kuchaydi. Venesuela ham ushbu hududiy suvlarga da’vogarlik qiladi. 2023 yil sentyabrida Gayana oltita xorijiy neft kompaniyasiga, jumladan Amerikaning «ExxonMobil» kompaniyasiga ushbu suvlarda burg‘ulash uchun ruxsatnoma berdi.
Gayana prezidenti Irfon Ali mamlakat Venesueladan o‘zini himoya qilishga tayyorlanayotganini aytdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter