Britaniyada Rim papasiga tegishli 700 yillik muhr topildi
Angliya g‘arbida Shropshir grafligida ishqiboz arxeolog Endi Basset metall izlovchi asbob yordamida Rim papasi Innokentiy IV (1243-yilda papalik qila boshlagan) ga tegishli 700 yillik muhrni topib oldi. Bu haqda «EveningExpress» xabar berdi.
Nashrning ma’lum qilishicha, Endining topilmasi allaqachon Britaniya muzeyi ekspertlari tomonidan baholanib, rasman ro‘yxatga olingan.
Muzey xodimi Piter Rivillning so‘zlariga ko‘ra, turli hujjatlarni tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan buyum Shropshirda Innokentiy IV Sitsiliyani egallashga intilgan Genrix III dan yordam so‘ragan paytda kelib qolgan bo‘lishi mumkin.
Biroq Rivill yana bir taxminni ilgari surmoqda. Unga ko‘ra, Rim papasi Cherkovga katta miqdordagi pulni ehson qilgan badavlat kishiga muhrli maktub yo‘llagan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. O‘rta asrlarda bu keng tarqalgandi.
«Papa maktubni kimga yuborganini bilmaymiz. Muhr qo‘rg‘oshindan tayyorlangani ma’lum xolos», — dedi Piter Rivill.
Topilma «Portable antiquities scheme» dasturi doirasida Buyuk Britaniya hududida topilgan bir yarim million artefaktdan biriga aylandi. Mazkur loyiha mahalliy aholi tomonidan aniqlangan barcha tarixiy topilmalarni hisobga olish va o‘tmish haqidagi bilimlarni kengaytirish maqsadida 1997-yilda Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida Britaniya muzeyi tomonidan tashkil etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter