Qozog‘istonda o‘zbeklarning ichki a’zolarini sotgan bosh shifokor qo‘lga olindi
Qozog‘istonda Chimkent shahridagi shifoxona bosh shifokori politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. U a’zolarni noqonuniy olganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda 19-noyabr kuni Qozog‘iston IIV matbuot xizmati xabar tarqatgan, deb yozadi «Regnum».
Chimkentda 1-raqamli shahar klinik shifoxonasi bosh shifokori 18-noyabr kuni IIV tergov departamenti tomonidan qo‘lga olinib, vaqtincha saqlash izolyatoriga joylangan. Dastlabki tergov davomida Qozog‘iston hududida jinoiy guruh harakat qilgani, ular a’zolar transplantatsiyasi sohasida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangani aniqlandi.
Guruh tarkibida chet el fuqarolari ham bo‘lgan. Donor sifatida moddiy sharoiti og‘irligi tufayli o‘z a’zolarini sotishga majbur bo‘lgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ukraina fuqarolari jalb etilgan. Isroil va boshqa uzoq davlatlarning fuqarolari ularning a’zolarini sotib olishgan.
Tergovchilar shifoxona bosh shifokori jinoiy guruh a’zolari bilan til biriktirib, katta pul evaziga ichki a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirganini aniqlashdi.
Qozog‘iston Jinoyat Kodeksida nazarda tutilgan moddalarga ko‘ra shifokor transmilliy jinoiy guruhda ishtirok etganlikda hamda odamlarning a’zolarini noqonuniy olganlikda ayblanmoqda. Ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter