Usmoniylar tojidagi gavhar. YuNESKO tan olgan qadimiy shaharga fotosayohat
Turkiyaning Qora dengiz mintaqasida joylashgan qadimiy Mudurnu shahri bir necha ming yillik tarixi mobaynida turfa hodisalarga shohid bo‘lgan. Antik davr muarrixi Strabon mazkur shahar g‘oyat qulay hududda – Onado‘li savdo yo‘lida joylashgani haqida yozgan. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi jurnalistlar uchun tashkil etgan press-turda «Xabar.uz» muxbiri ham qatnashib, ko‘hna shaharga safar qildi va fotoreportaj tayyorladi.
Buyuk ipak yo‘li o‘z davrida Istanbulga Mudurnu orqali o‘tgan. Shahar, ayniqsa, Usmoniylar davlatining ilk tetapoya davrida muhim ahamiyat kasb etgan. Tog‘lar bag‘rida, daryo bo‘yida, yirik savdo yo‘lida qad rostlagan shahar 1307 yildayoq turkiy culola nazoratiga o‘tgan. Ilk davrlarda valiahd shahzodalar aynan Mudurnuda tarbiyalangan. Usmoniylarning atoqli hukmdorlaridan Boyazid Yildirim (1389–1402) shaharda jome’ masjid hamda hammom qurdirgan. E’tiborga molik jihati, salkam 640 yillik tarixga ega ushbu ikki inshoot bizning davrimizga qadar yetib kelgan.
Tarix charxpalagi mudom harakatda. Bir zamonlar hayot qaynagan shahar bugunga kelib xiyla sokin tortgan. Ammo Mudurnudagi moziy nafasi kelib turgan ko‘chalar, fotihu jahongirlarni sajdaga bosh qo‘ydirgan masjidlar, qadimiy karvonsaroylar, qoyalar bag‘rida qurilgan muhtasham uylarni ko‘rib, o‘tmishdagi shon-shavkat yana qaytishiga ishongingiz keladi. Mashhur sayyoh Ibn Battuta shaharni bekorga og‘zidan bol tomib maqtamagan ekan degan xulosaga kelasiz.
Mudurnuda Usmoniylarning so‘nggi davriga oid me’moriy obidalar, jumladan, 1890-91 yillarda qurilgan soat minorasi ham saqlanib qolgan. Shaharning tarixiy qismi, jumladan, bir necha masjid, hammom, qo‘noqxona va qadimiy uylar – jami 180 ga yaqin obida 2015 yilda YuNESKOning butunjahon madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Yangi binolar ham hudud tarixiy qiyofasiga zarar yetkazmagan holda barpo qilinishi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter