Urushni tanqid qilgan rossiyalik boyning milliard dollarlik mulki olib qo‘yildi
Rossiya Federatsiyasi Krasnodar o‘lkasi sudi milliarder Oleg Deripaskaning «Imeretinskiy» mehmonxona majmuasi va Sochidagi yaxta portini olib qo‘yish haqida qaror chiqardi. The Financial Times nashri xabariga ko‘ra, tortib olingan mulk qiymati bir milliard dollarni tashkil etadi.
Mahkama hujjatiga ko‘ra, Deripaska mulkdan maqsadsiz foydalanish va o‘zboshimchalik bilan qurilish qilishda ayblangan. Milliarderga qarshi da’vo bilan chiqqan «Sirius» markazi Rossiya rahbariyatiga yaqin tuzilma ekani aytiladi.
G‘arb matbuoti Deripaskaning mol-mulki tortib olingani Ukraina urushi borasidagi tanqidiy fikrlari bilan bog‘liq ekani haqida yozgan.
2022 yil 24 fevral kuni rus qo‘shini Ukrainaga bostirib kirganidan keyinoq Deripaska ijtimoiy tarmoq orqali Rossiya rahbariyatiga nisbatan tanqidiy ruhda postlar qo‘ygan. Xususan, mart oyida u Ukrainadagi yadro ob’yektlari haqida yozar ekan, ob’yektlarda biron kor-hol yuz bergudek bo‘lsa, avlodlar Rossiyani yana 200 yil la’nat bilan eslashidan ogohlantirgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Kreml Deripaskaning mulki olib qo‘yilgani faktini uning Ukrainaga doir fikrlari bilan bog‘lamaslikni so‘ragan. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, milliarder hech qachon Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus amaliyoti» borasida qarshi fikr bildirmagan, shunchaki vazifalar to‘g‘ri bajarilishini tavsiya etmoqda.
Oleg Deripaska alyuminiy biznesi ortidan boyigan tadbirkordir. 2008 yilda u Rossiyaning eng boy kishisi deb topilgan (28 milliard dollar). Deripaska Ukraina urushi ortidan katta moliyaviy zarar ko‘rmoqda. Birgina aprel oyida u bir milliard dollardan ko‘proq «kambag‘allashgan».
Milliarder 2017 yilda Kipr fuqaroligini olgan edi. Putin loyihalarini moliyalashtirish aybi bilan Yevropa Ittifoqi sanksiyasiga tushgach, u 2022 yil aprel oyida Kipr fuqaroligidan ham mahrum etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter