Urushdan qochib qirq yil o‘rmonda yashagan kishi jigar saratonidan vafot etdi
Urushdan qochib 40 yil o‘rmonda yashagan 52 yoshli «vetnamlik Tarzan» — Xo Van Lang jamiyat orasiga qaytganidan sakkiz yil o‘tgach, jigar saratonidan vafot etdi. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.
1972 yilda AQSh samolyotlari o‘sha paytda ikki yoshli Xo Van Lang yashaydigan qishloqni bombardimon qilishgan. Hujumlardan faqat u va otasi Xo Van Txan tirik qoldi. Ular dushmanlardan qochib, o‘rmonda yashirinishga majbur bo‘lishgan. Shunday qilib, oila Vetnam urushi hali tugamagan deb o‘ylab, 40 yil o‘rmonda yashab kelishgan.
Lang hech qachon soatni ko‘rmagan va elektr borligidan bexabar edi. U o‘zining tashqi qiyofasini faqat daryoda aks etishi bilan tasavvur qilgan va o‘ndan ortiq sonni hisoblay olmagan. U ko‘rshapalaklar bilan oziqlanib jon saqlagan.
Lang butun umri davomida o‘rmonda otasidan tashqari, faqat besh kishini ko‘rgan. Ularning orasida birorta ham ayol yo‘q edi.
Langning otasi butun oila a’zolari olamdan o‘tganiga ishonchi komil edi, lekin bir kuni uning boshqa o‘g‘li Xo Van Chi tirik qolgani va ko‘p yillar davomida otasi va akasini qidirgani ma’lum bo‘ldi.
2013 yilda u otasi va ukasini Quang Ngay provinsiyasidagi Cha Sin aholi punkti yaqinidagi o‘rmondan topib, qishloqqa qaytarib olib kelgan.
Lang sakkiz yil rivojlangan jamiyat orasida yashadi. 2015 yilda u tadqiqotchi, o‘sha paytda odam yashamaydigan orollarga yakka sayohatlar uyushtirgan kompaniyada ishlagan Alvaro Serezo bilan uchrashdi.
Ular o‘zaro do‘st bo‘lib qolishadi va bir safar Serezo Langdan o‘rmonda bir hafta davomida qanday jon saqlashni o‘rgatishini so‘raydi.
«U men uchrashgan eng qiziqarli va ayni paytda juda yoqimtoy odam edi. Biz bir hafta o‘rmonda yashashga borganimizda men bir soatda qilgan ishlarni u bir necha soniyada bajardi», — deydi Serezo.
6 sentyabrda Lang jigar saratonidan vafot etdi. Tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, sivilizatsiyaga qaytish o‘rmonda hayot kechirishga o‘rganib qolgan vetnamliklarga yomon ta’sir qilgan. U o‘zi uchun g‘ayrioddiy ovqatlarni yeyishni, yarim tayyor mahsulotlarni iste’mol qilishni va hatto ba’zida spirtli ichimliklarni ichishni boshlagan.
«U endi biz bilan emasligidan juda afsusdaman. Ammo men uchun uning o‘limi ham ozodlikdir, chunki u so‘nggi oylarda qanchalik azob chekkanini bilaman»,— deydi Serezo.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter