Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ursula fon der Lyayen: «Kreml zaiflikni kechirmaydi» (intervyu)

Ursula fon der Lyayen: «Kreml zaiflikni kechirmaydi» (intervyu)

Foto: «Gazeta.ru»

Yevropa komissiyasining yangi saylangan raisi, germaniyalik Ursula fon der Lyayen (1958-yili Belgiya (Bryussel)da tug‘ilgan) jurnalistlarning («La Vanguardia», «Le Monde», «Süddeutsche Zeitung», «The Guardian» va «La Stampa») Breksit, migrantlar, YeI va Rossiya munosabatlari, demografiya va boshqa masalalardagi savollariga javob berdi.

— Siz yangi migratsiya siyosati haqida so‘zladingiz. Nima qilish kerak?

— Puxta o‘ylangan va uzoq muddatli dastur bilangina oldinga siljish (migrantlar muammosini hal qilishda) mumkin. Afrikadan boshlash zarur. U yerga sarmoya olib kirishga kuchimizni ayamasligimiz kerak. Keyingi bosqich — uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi kurashish. Dengizlarda cho‘kayotganlarni qutqarish kerak, albatta, biroq bu ular uchun Yevropa eshiklari o‘z-o‘zidan ochilib qolishini anglatmaydi. Ham Shengen zonasi ishlashi, ham tashqi chegaralar ochiq qolishi uchun bizga yanada ishonchli tashqi chegaralar hamda Dublin tizimi bo‘yicha o‘zaro kelishuvlar kerak.

— Bittayam qochoqni qabul qilishga tayyormas mamlakatlarga nima bo‘ladi?

— Nazarimda sabablarni diqqat bilan o‘rganish kerak. Masalan, bir yarim million nafar ukrainalikni qabul qilgan Polshaning dalillarini olaylik. Ukraina — bir necha yillardan beri gibrid urush bilan yashayotgan va hamon odamlar shuning oqibatida o‘lim topayotgan mamlakat. Biz buni inkor eta olmaymiz. YeIning har bir a’zosi boshqalarning birdamligiga muhtojligi prinsipi saqlanadi. Har bir mamlakat uchun turli yo‘nalishlarda majburiyatlar adolatli taqsimlanishiga erishishimiz zarur.

 — Yetti farzandning onasi sifatida Yevropaning demografiya borasidagi ojizligiga qanday qaraysiz?

— Ham bola ko‘rib, ham o‘zi yashashi uchun pul topishga majbur yosh oilalarni qo‘llashimiz kerak. Jamiyat oila va ish o‘rtasidagi uyg‘unlikni rag‘batlantirishi shart. Keksayib borayotgan insonlarni yaxshiroq boshqarishni o‘rganishimiz lozim. Yana bir masala — malakali ishchi kuchi migratsiyasi. Biz shuni istaymiz.

— Breksit og‘ir kechmasligi uchun nimalarga tayyorsiz?

— Biz og‘riqli Breksitni istamaymiz. Bu har ikki tomon uchun ham yomon. Chiqish haqida yaxshi kelishuvlarimiz bor. (Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, eski kelishuv hali «ko‘milgan» emas (Britaniya bosh vazirligiga ikki nomzodning va’dalariga qaramasdan) va unda Qo‘shma Qirollik hukumatining «qizil chiziqlari» aksini topgan. Fon der Lyayen Breksit imkon qadar botartib o‘tishi uchun qo‘lidan kelgunicha harakat qilishga shayligini bildirdi, aks holda, uning aytishicha, buning asorati hammaga, ayniqsa, Irlandiyaga, qattiq uradi.

Agarda ko‘chirish (Breksitni) uchun asoslar yetarli bo‘lsa, men ularni tinglashga tayyorman.

— Rossiyaning Yevropa ishlariga aralashuviga nima deysiz?

— Rossiya — bizning qo‘shnimiz va shunday bo‘lib qoladi. Ammo Kreml zig‘ircha bo‘lsa ham zaifliklarni kechirmaydi — oxirgi yillardagi tajribalarimiz shuni ko‘rsatdi. Yevropa doim dialogga tayyorligini ko‘rsatishi, ammo ammo yon bermasligi kerak. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ta’sir o‘tkazishga urinish haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ularga qarshi kurashishning eng yaxshi chorasi haqiqatni ochish va buni jamoatchilik hukmiga havola qilishdir. Erkin matbuotga ega erkin mamlakatlarning kuchi mana shunda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring