Ukrainadagi harbiy asirlar orasida 50 dan ortiq markaziy osiyolik bor – OAV

Ayni paytda Ukrainadagi harbiy asirlar orasida Markaziy Osiyo davlatlaridan bo‘lgan 54 kishi bor.
Bu haqda «Ozodlik radiosi» ma’lum qilmoqda.
Xabar qilinishicha, harbiy asir deb tan olinganlar orasida 1 nafar qirg‘izitsonlik, 21 nafar qozog‘istonlik, 18 nafar tojikistonlik va 14 nafar o‘zbekistonlik bor.
«Ularning ayrimlarida Rossiya pasporti ham bor. Masalan, qozog‘istonlik 21 kishidan bor-yo‘g‘i olti nafari Qozog‘iston, qolganlari Rossiya fuqarolari», – deb yozadi nashr.
Ukraina adliya vaziri Olga Stefanishina yanvar oyi oxirida Rossiya-Ukraina urushi boshlangandan beri Markaziy Osiyo davlatlarining 30 ga yaqin fuqarosi Ukraina tomonidan asirga olinganini aytgan edi.
Shu bilan birga, mamlakat adliya vaziri, harbiy asirlarning fuqaroligi haqidagi ma’lumotlar ko‘pincha ularning so‘zlaridan aniqlanishi, aksariyat hollarda buni tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasligini aytgan.
O‘z navbatida, «Ozodlik radiosi» 2024-yil oktyabr oyida Ukrainadagi urushda kamida 51 nafar qirg‘iz halok bo‘lgani, ulardan 25 nafari Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lganini xabar qilgan.
Shuningdek, 2024-yil dekabr oyida asirlikka tushgan O‘zbekiston fuqarosi haqida ham ma’lumot beriladi.
Aytilishicha, u Zaporijjya yo‘nalishida asirga olingan. To‘rt kishidan iborat guruhdan faqat bir kishi – o‘zbekistonlik tirik qolgan. Nashrning o‘zbekistonlik so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, unga qaysi yo‘nalishda harakatlanishi va hujum uchun qanday pozitsiyalarni egallashi aytilgan, shundan so‘ng u oldingi safga jo‘natilgan.
Ukraina tomoni harbiylarining aytishicha, O‘zbekiston fuqarosi dastlab frontda oshpaz bo‘lib ishlagan. Keyin rus qo‘mondonligi uni boshqa askarlar bilan birga shaharga bostirib kirish uchun yuborgan. Bungacha u Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan – Moskvadagi restoranlardan birida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonidan urushga kirgan o‘zbekistonliklarning jinoiy ishi sudda ko‘rilgani va jazoga tortilgani haqida xabar berilgan edi.
Ma’lumot uchun, chet el davlatlar qurolli kuchlari safiga qo‘shilish va jangovar harakatlarda qatnashganlik uchun O‘zbekistonda jinoiy javobgarlik belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter