Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina: ulkan yadro falokati ro‘y berishiga bir bahya qoldi

Ukraina: ulkan yadro falokati ro‘y berishiga bir bahya qoldi

Yevropadagi eng yirik AESda ro‘y bergan yong‘in.

Foto: Reuters

Dunyo yirik yadro halokatidan omon qoldi, deydi g‘arblik diplomatlar.

Gap shundaki, Rossiya qo‘shini juma kuni Energodar shahrida joylashgan Zaporoje atom elektrostansiyasini o‘qqa tutgan. Oqibatda Yevropadagi eng yirik AESda yong‘in kelib chiqqan.

Strategik ob’yektda yong‘in chiqishi ortidan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Rossiyadan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi va yadro ob’yekti portlagudek bo‘lsa Chernobil avariyasidan o‘n karra kuchli fojia ro‘y berishidan ogohlantirdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy zudlik bilan dunyo yetakchilari hamda Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik  (MAGATE) rahbariyatiga qo‘ng‘iroq qildi. MAGATE rahbari Rafael Grossi harbiylarni AES tegrasida qaltis harakatlar sodir etishdan qaytardi.

Zaporoje AESda ro‘y bergan favqulodda holat BMT Xavfsizlik kengashida ham muhokama qilindi.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Zaporoje AES o‘qqa tutilganini rad etdi va rus qo‘shini ob’yektni o‘z nazoratiga olib, xavfsizlikni ta’minlayotgani, radioaktiv moddalar tarqalishi xatari yo‘qligini qayd etdi.

Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa AESga qilingan hujumni yadro terrorchiligi deb atadi. Diplomat, shuningdek, rossiyalik hamkasbining bayonoti yolg‘on ekanini urg‘uladi. Sergey Kislitsa AESning yadro xavfsizligiga mas’ul bir necha xodimi Rossiya askarlari tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qildi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild esa rossiyalik harbiylarning xatarli harakati sabab dunyoda ulkan yadro halokati ro‘y berishiga bir baxya qolganini ta’kidladi. AQSh vakili AESdagi favqulodda holat nafaqat Ukraina yoki Rossiya, balki butun Yevropa uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytdi.

Ko‘plab mutaxassislar ham yadro reaktorlaridagi jiddiy nosozliklar Chernobil yoki Fukusima kabi halokatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Ayni paytda Ukraina tomoni AESlar bo‘ylab 30 km radiusda harbiy harakatlarni butkul cheklashni talab qilmoqda.

Zaporoje AES 1986 yilda barpo etilgan bo‘lib, 6 ta energiya blokiga ega. Avvalroq Ukrainadagi boshqa bir yadro ob’yekti – Chernobil AES Rossiya nazoratiga o‘tgani xabar qilingan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring