Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya va Qozog‘iston Rossiyaning Ukraina yerlarida o‘tkazgan referendumlarini tan olmaydi

Turkiya va Qozog‘iston Rossiyaning Ukraina yerlarida o‘tkazgan referendumlarini tan olmaydi

Turkiya Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Ukrainaning Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya tarkibiga qo‘shilishini tan olmaydi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Tokiodagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

«Biz Qrimning anneksiya qilinishini tan olmaymiz va bu haqda Rossiyaga gapiryapmiz. Biz Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xersondagi referendumlardan ham xavotirimizni bildirdik. Biz ularni tan olmasligimizni ochiq aytdik», – deb tushuntirdi Chavusho‘g‘li.

Eslatib o‘tamiz, DXR va LXR, shuningdek, Zaporoje va Xerson viloyatida 23-sentyabrdan boshlab Rossiyaga qo‘shilish masalasi bo‘yicha besh kunlik referendumlar o‘tkazilmoqda. Qo‘shma Shtatlar va G‘arb davlatlari allaqachon ovoz berish natijalarini tan olmasligini bildirgan.

Serbiya va Qozog‘iston ham xuddi shunday tutumda ekanligini e’lon qilgan.

«DXR va LXR, shuningdek, Zaporoje va Xerson viloyatlaridagi referendumlarga Qozog‘iston davlatlarning hududiy yaxlitligi, ularning suveren tengligi va tinch-totuv yashashi tamoyillaridan kelib chiqib munosabat bildiradi», – deyiladi Qozog‘iston TIV matbuot kotibi Aybek Smadiyarov izohida.

Belorussiya Tashqi ishlar vazirligi esa o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishini aytgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring