Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya tashqi ishlar vaziri dunyo e’tiboridagi masala bo‘yicha bayonot berdi

Turkiya tashqi ishlar vaziri dunyo e’tiboridagi masala bo‘yicha bayonot berdi

Rasmiy Anqara dengiz chegaralarini delimitatsiya qilish bo‘yicha vakolatga ega bo‘lmagan Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘yilayotgan talablarni qabul qilmaydi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lining Gretsiyada chop etiluvchi «Katimerini» gazetasida chop etilgan maqolasida so‘z boradi.

Turkiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari dunyo e’tiboridagi masala – O‘rtayer dengizidagi ziddiyatlar bo‘yicha rasmiy Anqara pozitsiyasini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha,  Turkiya mintaqada dengiz chegaralarining adolatli va teng delimitatsiyasi, daromadlarni teng taqsimlash mexanizmini joriy etish orqali kiprlik turklarning orolning ochiq resurslariga nisbatan teng huquqlarini himoya qilish, barcha tomonlar ishtirokida keng qamrovli, adolatli va teng energetik hamkorlik mexanizmlarini yaratishni istaydi.

«O‘rtayer dengizi doimo sivilizatsiya beshigi, madaniy va iqtisodiy o‘zaro aloqalar havzasi bo‘lib kelgan. Ushbu mintaqada barchamizning o‘tmishimiz, bugunimiz va kelajagimiz bir-biriga uzviy bog‘liq. Turkiya va Gretsiya doim ikki tanlov qarshisida bo‘lib kelgan: bir-biri bilan ikki tomonni ranjitadigan tarzda bahslashish yoki o‘zaro manfaatli yo‘lni belgilash uchun g‘alaba qozonish formulasini topish», – deb yozadi M.Chovusho‘g‘li.

Ta’kidlanishicha, doimiy qo‘shnichilik tabiiy ravishda bir-birining huquqlarini hurmat qilishni talab qiladi. O‘zaro hurmat esa nizolarni tinch yo‘l bilan, diplomatiya va muloqot orqali hal qilishda namoyon bo‘ladi. Turkiya O‘rtayer dengizidagi ziddiyat masalasida Fransiya tomonining aralashuvini tanqid qilib kelmoqda. M.Chovusho‘g‘li ham bu borada mustamlakachilik o‘tmishi nafasi kelayotganini qayd etar ekan, «Mustamlakachilik davri ko‘p odamlar uchun katta azob-uqubatlardan boshqa hech narsa keltirmaganini naqadar tez unutdik!» – deya xitob qiladi.

«Shu sababdan Turkiya bilan Gretsiyaning orasidagi mavjud ikki tomonlama mexanizmlarni qayta tiklash maqsadida NATO va Germaniyaning mojaroni bartaraf yetish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Umid qilamizki, Afina bularning bir-biridan farqli ekanini tushunadi. Turkiya, ikki qo‘shni o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal qilinishi mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha boshqa tomonlar bilan muzokara va kelishuvlar olib borishni istamasligi bilan Gretsiyaga hurmat ko‘rsatyapti», – deydi Turkiya TIV.

M.Chovusho‘g‘liga ko‘ra, Turkiyaning xalqaro huquq me’yorlarida mustahkamlangan ochiq dengizlar hamda o‘z dengiz zonalariga kirishi va tasarruf etishiga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi. Chunki na qonun, na mantiq, na adolat tuyg‘usi bu borada qarama-qarshi dalillarni ilgari surishga yo‘l qo‘ymaydi.

«Mintaqadagi eng uzun sohilbo‘yiga, ortib borayotgan aholiga, ishlab chiqarish quvvati va energiya talabiga ega bo‘lgan Turkiya kabi mamlakatni uning atrofidagi boyliklardan mahrum etishga urinishlar haqiqatdan yiroqdir. Oldin ham bir necha marta aytganimizdek, bunday bo‘lmaydi. Shu sababli Turkiya o‘zining asosiy manfaatlariga zarar yetkazishga urinishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun albatta qat’iy pozitsiyani egallaydi», – deb ta’kidlaydi M.Chovusho‘g‘li.

Ma’lum qilinishicha, rasmiy Anqara Gretsiyaning Turkiya bilan barcha muloqot kanallarini shartlarsiz jonlantirishini kutmoqda. Oldindan qo‘yiladigan shartlar esa qarshi shartlarga olib keladi  va bu ikki qo‘shni o‘rtasida muzokara o‘tkazish imkoniyatlarini izlash uchun yaxshi usul emas.

«Har bir muzokara jarayoni o‘zaro olish va berishga olib borishi aniq. Boshqa variant – muammolarni gilam ostiga supurish va ularni yo‘q bo‘lib ketishiga yoki boshqalar siz uchun hal qilib berishiga umid qilishdir. Biroq, muammolar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketish o‘rniga vaqt o‘tgan sayin yanada murakkablashib boradi», – deya qo‘shni davlatni muzokaralarga taklif etgan Turkiya TIV.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring