Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya rasmiy vakili Istanbuldagi terakt sababiga ishora qildi

Turkiya rasmiy vakili Istanbuldagi terakt sababiga ishora qildi

Xalqaro hamjamiyat Turkiyaning tinch aholisiga qarshi amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakati ayrim davlatlar tomonidan jinoiy guruhlar dastaklanayotgani oqibati ekanini anglashi kerak. Bu haqda Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altun Istanbulda ro‘y bergan so‘nggi terakt munosabati bilan bergan bayonotida gapirdi.

Mulozim Turkiya bilan do‘stona munosabatlarga harakat qilayotgan barcha davlatlarni terrorchilar bilan har qanday shaklda aloqa qilishni to‘xtatishga chaqirgan. U xunrezlikka aloqador barcha shaxslar fosh etilishi va jazolanishiga ishonch bildirar ekan, tinch aholiga qaratilgan zo‘ravonliklarni keskin qoralagan.

F.Altunga ko‘ra, terrorchilar xunrezliklar orqali rasmiy Anqarani qo‘rqita olmaydi. Zero, mamlakat bundan-da kuchli fojialarni ko‘rgan va sinovlardan yanada kuchli bo‘lib chiqqan. Ta’kidlanishicha, Turkiya terrorga qarshi ayovsiz kurashni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr kuni Istanbulning gavjum hududlaridan biri – Istiqlol ko‘chasida bomba portlatilgan. Terakt oqibatida 6 kishi vafot etgan, 81 kishi jarohatlangan.

Bugun, 14 noyabr kuni Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu bombani qoldirib ketgan shaxs politsiya tomonidan qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

IIVga ko‘ra, tergovda hujum izlari Suriyaga olib borishini ko‘rsatuvchi dalillar mavjud. Buyruq Kobanidan (Suriya shimolidagi shahar), hujumni uyushtirgan shaxs esa Afrindan (Suriya shimoli-g‘arbidagi shahar) kelgan bo‘lishi mumkin.

Tergov idorasi portlash PYD – Demokratik ittifoq partiyasi (Kurdiston ishchi partiyasi terror tashkilotining Suriyadagi sho‘’basi) tomonidan uyushtirilganini aytmoqda.

Turkiya rahbariyati ko‘pdan buyon PKK, PYD va YPG guruhlari mamlakat va mintaqa tinchligiga tahdid solayotganini aytib keladi.

Ashaddiy terror guruhi sanalgan PKK (Kurdiston ishchi partiyasi) mamlakatda va xorijda yuzlab begunoh inson hayotiga zomin bo‘lgan.

Boshboshdoqlik hukm surayotgan Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh kattagina hududini PYD (Demokratik ittifoq partiyasi), YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) egallagan. Rasmiy Anqara PKK tashkilotining qo‘sh qanoti sanalgan mazkur ikki guruhni xavfsizlikka jiddiy tahdid deb biladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring