Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya poytaxtidagi yashirin xazinalar (foto)

Turkiya poytaxtidagi yashirin xazinalar (foto)

Anadoluning unumdor yerlari bilan o‘ralgan, zamonaviy Turkiyaning poytaxti Anqara asrlar davomida ko‘plab sivilizatsiyalarga maskan bo‘lgan.

Turkiya poytaxti tashrif buyuruvchilarga antik davr qoldiqlaridan tortib, zamonaviy me’moriy mo‘’jizalargacha bo‘lgan ko‘plab yashirin xazinalarni taqdim etadi.

Jahon merosi

O‘tgan yili Turkiyaning 20 madaniy boyligidan biri, Anqaraning Po‘latli tumanidagi ajoyib qadimiy Gordion shahri YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Yoshi taxminan 4500 yil bo‘lgan, Frigiyaning siyosiy va madaniy poytaxti Gordion hududida afsonaviy qirol Midasning uyi ham bo‘lgan. Afsonalarga ko‘ra, qirol Midas «oltin teginish» bilan azob chekkan. Uning qabri «dunyodagi uchinchi yirik qabr tepaligi» hisoblanadi.

O‘lmas yetakchi huzurida

Anqaraning eng muhim diqqatga sazovor joylaridan biri Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturkning so‘nggi manzili Anitkabirdir. Anqara markazidagi Anittepada joylashgan bu maqbara majmuasi 750 000 kvadrat metrdan ortiq maydonni egallaydi.

Arslon yo‘li, To‘ren maydoni va Otaturk maqbarasi bilan birga uchta asosiy qismdan iborat bo‘lgan Anitkabirda Otaturk va Mustaqillik urushi muzeyi ham mavjud.

Ramziy binolarni muhofaza qilish hududi

Anqaradagi Ahi Sherefeddin masjidi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

«Onado‘lining O‘rta asr yog‘och ustunli va to‘sinli masjidlari» nomi bilan «Jahon merosi» sifatida belgilangan beshta masjiddan biri – Ahi Sherefeddin Turkiyaning saqlanib qolgan eng qadimiy masjidlaridan biridir. Masjidga kirganingizda 24 ta ulug‘vor yog‘och ustunlarni ko‘rasiz.

Eski shaharni o‘rganish

Ahi Sherefeddin masjidini ziyorat qilgandan so‘ng, Anqaraning panoramik manzarasidan bahramand bo‘lish uchun yaqin atrofdagi Anqara qal’asiga chiqish mumkin. Dastlab garnizon sifatida qurilgan qal’a mashhur sayyohlik maskani bo‘lib, shahar manzaralari bilan bir qatorda Anadolu sivilizatsiyalari muzeyi, qadimiy Anqara uylari, masjidlar va boshqa tarixiy diqqatga sazovor joylarga ega.

Kaleichi mahallasi chegarasidagi tor ko‘chalarda joylashgan ikki-uch qavatli yog‘och va g‘ishtdan yasalgan Anqara uslubidagi uylarga ega bo‘lgan hudud ham tashrif buyurishga arziydi. Ushbu inshootlarning aksariyati mehmonxona yoki yodgorlik do‘konlariga, shuningdek, shaharning o‘ziga xos lazzatlarini taqdim etadigan kafe va restoranlarga aylantirilgan.

O‘tmish izidan

Anadoluning ajoyib madaniy tarixini o‘rganish uchun faqat bitta muzeyga tashrif buyurishga vaqtingiz bo‘lsa, Anadolu sivilizatsiyalari muzeyiga boring. Usmonli davriga oid ikkita tarixiy binoda joylashgan va ta’mirlangan muzeyning ajoyib kolleksiyasi paleolit davridan boshlab xronologik tarzda namoyish etilgan Anadolu mintaqasiga xos bo‘lgan asarlarni o‘z ichiga oladi.

1997 yilda Anadolu sivilizatsiyalari muzeyi «Yevropada yilning eng yaxshi muzeyi» deb topilgan.

Ulug‘vor Rim merosi

Anqarada Rim imperatori Yulianusning (milodiy 361-363) Anqaraga tashrifi sharafiga qurilgan Yulianus ustuni kabi ko‘plab Rim davri obidalari mavjud.

Shuningdek, III asrda Rim imperatori Septimius Severning o‘g‘li Karakalla tomonidan qurilgan Rim hammomlari va Rim imperatori nomi bilan atalgan Avgust ibodatxonasi ham mavjud.

Madaniy voha

Poytaxtda Anqara opera teatri, Prezidentlik simfonik orkestri (CSO Ada) va CyerModern kabi muhim binolar ham qad ko‘targan. Konsert uchun Anqara qal’asi va Anitkabir o‘rtasidagi shahar markazidagi zamonaviy CSO Ada binosiga tashrif buyurish, shaharning zamonaviy qiyofasini ko‘rish uchun CyerModernga borish mumkin.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring