Turkiya hukumati Izmirdagi zilzila oqibatlari haqida ma’lumot berdi

Izmirdagi 230 dan ziyod ko‘p qavatli imorat kuchli zilzila natijasida butunlay vayron bo‘ldi yoki jiddiy shikastlandi, deya ma’lum qildi Turkiya shaharsozlik va atrof-muhit vaziri Murat Kurum.
«Zilziladan so‘ng qariyb 34 mingdan ortiq bino tekshirildi. 231 ta bino butunlay vayron bo‘ldi yoki jiddiy shikastlandi, 251 ta bino o‘rtacha zararlangan, 1834 ta binoga yengil zarar yetgan», — dedi Kurum.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir zilziladan so‘ng boshpanasiz qolgan 8,5 mingdan ortiq Izmir aholisi chodirlarga joylashtirilgan. 18 kun ichida ularga konteynerlardan iborat shaharcha, bir yil davomida esa yangi turarjoy qurib beriladi.
Zilzila natijasida 36 jabrlanuvchi shifoxonada davolanmoqda, besh nafarining ahvoli og‘ir.
Eslatib o‘tamiz, 30-oktyabr kuni kunduzi mahalliy vaqt bilan soat 13:31 (Toshkent vaqti bilan 16:31)da Turkiyaning g‘arbiy qismidagi Izmir viloyatida 6,6 balli zilzila sodir bo‘ldi. Buning oqibatida ba’zi binolar qulab tushgan. Vayronalar ostida ko‘plab odamlar qolib ketgan. Turkiyadagi zilzila oqibatida 114 kishi halok bo‘ldi, 1035 kishi shikastlandi.
O‘zbekiston Prezidenti Turkiyaning g‘arbiy hududlarida yuz bergan tabiiy ofat – kuchli zilzila oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani, ko‘plab fuqarolar jarohat olgani hamda katta talafot ko‘rilgani munosabati bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga ta’ziya yo‘lladi.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi jarohat olganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmaganini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter