Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp va Baydenning ilk debati qanday o‘tdi?

Tramp va Baydenning ilk debati qanday o‘tdi?

Foto: «Telegraf.com.ua»

Bugun tong saharda (t.v.) AQSh prezidentiligiga nomzodlar — Donald Tramp va Jo Bayden ilk teledebatni o‘tkazishdi. Klivlend (Ogayo shtati)dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiyani «CBS News» telekanali olib bordi.

Tortishuvlar tibbiyotni isloh qilish, koronavirus pandemiyasi, global iqlim isishi, Oliy sudga yangi sudyani tayinlash, irqchilik kabi masalalar atrofida kechdi. 

Biz kutgandik, biz bilgandik... Ha, xuddi shunday, hammasi kutilganidek boshlandi, davom etdi va tugadi. Nomzodlar hatto debat avvalida qo‘l berib so‘rashishni ham o‘zlariga ravo ko‘rishmadi. Boshlovchi Kris Uolles vaziyatni yumshatmoqchi bo‘ldimi yoki aslida shundaymi, Tramp va Bayden koronavirus pandemiyasi sababli ko‘rishmaslikka kelishib olishganini (ularning biron masalada kelishishlariga ishonish qiyin bo‘lsada) aytdi...

Debat davomida Donald Tramp va Jo Bayden tinmay bir-birlarining gapini bo‘lib, yolg‘onchilikda ayblashdi. Hatto qizishib ketgan Bayden bir joyda Trampni «bir daqiqaga ... turishga» chaqirdi.

Tramp soliqlarni to‘lamagani haqidagi OAV xabarlarini inkor qildi. Aytdiki, oxirgi yillarda millionlab dollar to‘lagan. «Bir yil $38 mln., bir yil $27 mln. to‘ladim»,— dedi amaldagi prezident. U soliq deklaratsiyasi tayyor bo‘lishi bilan e’lon qilishini aytdi. Eslatib o‘tamiz, «The New York Times» gazetasi Donald Tramp tadbirkorlik faoliyatidan ko‘rgan zararlarni hisoblab chiqib, u so‘nggi 15 yilning 10 yilida umuman soliq to‘lamaganini yozib chiqqandi.

Bayden ham o‘zini oqlashga urindi: aytishicha, o‘g‘li Xanter Bayden chet elliklar, xususan, Moskva shahri sobiq meri Yuriy Lujkovning bevasi, Rossiyaning eng boy ayoli Yelena Baturinadan millionlar olgani haqidagi iddaolar g‘irt tuhmat. Yana bir eslatma: respublikachi-senatorlar Xanter Baydenning xorijliklar bilan shubhali bitimlari haqida hisobotni e’lon qilishgandi.

Debatning yopilishi ochilishiga mos bo‘ldi: janob Bayden so‘zining oxirida amaldagi prezidentni «Putinning kuchukchasi» deb atadi (nima desa ko‘nib ketavergani uchun).

Navbatdagi debatlar 15-oktyabr kuni Mayami (Florida shtati) va 22-oktyabr kuni Neshvill (Tennessi shtati)da o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 3-noyabr esa AQSh prezidentligi uchun saylovlar kuni — respublikachilar (Donald Tramp) demokratlar (Jo Bayden)ga qarshi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring