Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Kanada 51-shtatga aylansa soliqlarni teng yarmiga qisqartirmoqchi

Tramp Kanada 51-shtatga aylansa soliqlarni teng yarmiga qisqartirmoqchi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 25-dekabr, chorshanba kuni Rojdestvo bayramida qilgan murojaatida, agar Kanada Amerikaning 51-shtatiga aylansa, ularning soliqlarini yarmiga kamaytirishga va’da berdi.

U, shuningdek, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoni «gubernator» deb atagan.

«Kanada gubernatori Jastin Tryudoni Rojdestvo bayrami bilan tabriklayman. Uning fuqarolari yuqori soliqqa tortib kelinadi, ammo agar Kanada 51-shtat bo‘lsa, ularning soliqlari 60 foizdan ko‘proq qisqartiriladi, ularning biznesi ikki baravar ko‘payadi va ular dunyodagi boshqa hech qanday davlatda bo‘lmagani kabi himoyalangan bo‘lar edi», – deb yozadi u o‘zining «Truth Social» sahifasida.

Bundan oldin, 10-dekabr kuni ham Tramp Kanada va Meksika AQSh shtatlariga aylanishi mumkinligini aytgandi. Keyinchalik, 17-dekabr kuni OAV Kanada AQSh bilan chegarasini himoya qilish uchun 900 million dollar sarflashi haqida xabar tarqatdi.

Avvalroq, 3-dekabr kuni Tramp Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo bilan uchrashuvda Ottava noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasi muammosini hal qila olmasa, mamlakat AQShning 51-shtatiga aylanishi mumkinligini aytgan edi.

26-noyabr kuni AQShning saylangan prezidenti o‘zining inauguratsiya kuni, 2025-yil 20-yanvarida, agar Ottava va Mexiko Kanada chegarasi orqali noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq vaziyatni tubdan o‘zgartira olmasa, ikkala davlatning barcha tovarlariga 25 foizlik import bojlari joriy etishini ta’kidladi.

Bloomberg nashri Tryudo, agar shunday iqtisodiy choralar joriy etilsa, u javob choralarini ko‘rishiga va’da berganini yozdi. Kanada bosh vaziri mumkin bo‘lgan sanksiyalarni Kanada iqtisodiyoti uchun adolatsiz va buzg‘unchi deb hisoblashini ma’lum qilgan.

Associated Press agentligining xabar berishicha, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham tariflar joriy qilingan taqdirda javob choralarini ko‘rishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring