Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘qayev «millat vijdonlari»ni uyg‘onishga undadi

To‘qayev «millat vijdonlari»ni uyg‘onishga undadi

O‘tmishdagi ulug‘lik haqidagi foydasiz bahs-munozaralarni to‘xtatib, kelajak haqida ko‘proq qayg‘urish kerak. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Egemen Qazaqstan» umummilliy gazetasida chop etilgan intervyusida gapirdi. Suhbatni Qozog‘iston Fanlar akademiyasi akademigi, taniqli olim Dixan Qamzabeko‘g‘li olib borgan.

«Biz o‘tmishdagi ulug‘lik yoki xafagarchiliklar xususidagi foydasiz bahs-munozaralarga berilib, eskilik tuzog‘iga tushib qolmasligimiz kerak. Albatta, umummilliy o‘zligimizda tarix hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois ham davlat ushbu yo‘nalishda tizimli faoliyat olib bormoqda... Bir so‘z bilan aytganda, ko‘p asrlik tariximizni o‘rganish, tarixiy adolatni tiklash bizning ustuvor vazifalarimizdan bo‘ladi», – dedi Qozog‘iston prezidenti.

Ayni choqda, u millatning o‘tmishda kim bo‘lganidan ko‘ra kelajakda kim bo‘lishi muhimroq ekanini urg‘uladi.

«Biz nafaqat o‘tmishdagi bosib o‘tilgan murakkab yo‘limiz borasida, balki istiqbolda nimaga intilayotganimiz borasida ham yakdil bo‘lishimiz kerak. Biz tarixiy yodnomalar bilan emas, balki kelajak yo‘lidagi sa’y-harakatlar bilan yashashimiz, millatimiz buyukligini amalda ko‘rsatishimiz lozim. Biz madaniyatda taqlidchilik, soxta vatanparvarlik va tiyiqsiz maqtanchoqlikdan xalos bo‘lmog‘imiz darkor. Mavjud kamchiliklardan ko‘z yumish o‘rniga ularni bartaraf etishga harakat qilish kerak. Bu jihatlar dolg‘ali dunyoda Qozog‘iston istiqboli uchun muhim ahamiyat kasb etadi», – dedi Q.To‘qayev.

Siyosiy yetakchi «millat vijdoni» deb ulug‘lanadigan ziyolilarga ham zalvorli mas’uliyatini eslatib o‘tgan.

«Ochig‘ini aytganda, o‘zini «millat vijdoni» deb ataydigan barcha ziyolilarimiz ham zimmasidagi ezgu vazifani munosib ado eta olmayotir. Ma’naviy jabhada rahbarlik qilish o‘rniga ular ikir-chikir mavzularda yozg‘irish, o‘zini o‘zi maqtash va moddiy masalalariga e’tiborsizlik vajidan hukumatga nisbatan shikoyatbozlik bilan band. Bu esa milliy mafkura ravnaqiga g‘ovdir», – deb ta’kidladi u.

Qozog‘iston rahbari umummilliy qadriyat va manfaatlarni ustun qo‘ygan holda xalqni birlashtirish hayot-mamot masala ekanini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring