To‘qayev italiyalik sarmoyadorlarga taklif bilan chiqdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev italiyalik yirik sarmoyadorlarni tog‘-kon va energetika sektorlariga investitsiya kiritishga da’vat qildi.
«Muhim xomashyo materiallari sohasidagi hamkorlik katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Biz Italiyaga muhim ma’danlarni yetkazishga tayyormiz. Hozirda Qozog‘istonda 5 mingdan ziyod to‘liq tadqiq etilmagan konlar mavjud. Biz allaqachon Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti chun foydali bo‘lgan 34 ta muhim xomashyodan 19 tasini ishlab chiqarmoqdamiz. Mamlakatimiz neft va gaz konlari razvedkasi, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohalarida keng imkoniyatlar taklif etadi», – dedi Q.To‘qayev.
Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ham istiqbolli yo‘nalish sanaladi.
«Biz bug‘doy va un yetishtirish bo‘yicha dunyo o‘nligiga kiramiz. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz 80 dan ziyod mamlakatga eksport qilinadi. Jahonda oziq-ovqat taqchilligi ortayotganini inobatga olib, biz ushbu sektorda ishlab chiqarishni uch karra, eksportni esa ikki karra oshirish maqsadini qo‘ydik», – dedi u.
Mamlakatni mintaqaviy habga aylantirishni ko‘zlagan rasmiy Ostona transport-logistika sohasiga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
«So‘nggi 15 yilda Qozog‘iston transport infratuzilmasiga 35 milliard dollardan ziyod sarmoya kiritdi. Kelgusi uch yilda 1300 kilometrdan ziyod temir yo‘llar qurishni rejalashtirganmiz. Bu Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa yo‘nalishlarida tovarlar aylanmasini oshirishga xizmat qiladi. Shu bois biz italyan sarmoyadorlarini portlarimizni rivojlantirish, transport kemalari ishlab chiqarish va logistika markazlarini barpo qilishda faol ishtirok etishga chaqiramiz», – dedi Qozog‘iston rahbari.
Q.To‘qayev Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida 18 yanvar kuni Rimda prezident Serjo Mattarella va bosh vazir Jorjiya Meloni bilan uchrashgan. Muzokaralar yakunida moliyadan energetika tizimiga qadar – turli sohalarda hujjatlar imzolangan. Davlat rahbarlari qo‘shma bayonotida ham strategik hamkorlikni diversifikatsiya qilish lozimligi ta’kidlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter