Tojikistondan 2,5 million yillik qadimiy tuyaning bosh suyagi topildi
![Tojikistondan 2,5 million yillik qadimiy tuyaning bosh suyagi topildi](https://static.xabaruz.com/crop/7/9/720_460_95_792603272.jpg)
Rossiya va Tojikiston paleontologlari Quruqsoy hududidan 2,5 million yillik tuyaning bosh suyagini topdilar. Tojikiston iqlim sharoitida bunday topilmalar kamdan-kam uchraydi, deb xabar berdi TASS agentligiga Ural Federal universiteti matbuot xizmati.
«Biz juda omadlimiz, chunki butun Osiyo bo‘ylab bunday suyaklar yomon saqlanadi, hattoki atigi 2 ming yilga teng bo‘lgan suyaklar bo‘r kabi juda mo‘rt, uvalanuvchi bo‘lib qoladi. Agar siz tasodifan suyakka tegib qo‘ysangiz, u mayda bo‘laklarga aylanadi. Shuning uchun biz darhol bosh suyagini yelim eritmasi bilan to‘ldirdik, yelim quriguncha kutib turdik va uni tozalashni davom ettirdik», – deydi universitet ilmiy xodimi Dmitriy Gimranov.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bosh suyagi 2,5 million yil avvalgi pleystotsen davriga to‘g‘ri keladi. Butun bosh suyagi noyob topilma hisoblanadi, chunki bu turdagi tuyaning bosh suyagi ilgari topilmagan. Bu topilmani uch yil davomida tiklash va o‘rganish uchun Uralga yetkazildi. So‘ngra u keyingi tadqiqotlar uchun Tojikistonga qaytariladi.
Bosh suyak yordamida paleontologlar tuyaning bu turi aynan nima yeyishini, jinsini – erkaklar urg‘ochilardan qanday farq qilishini, uning miya hajmi qandayligini, bo‘yin muskullari qanday biriktirilganligini va boshqa narsalarni bilib olishlari mumkin.
Buning uchun bosh suyakni tadqiqotga tayyorlash, kompyuter tomografiyasini o‘tkazish va miya, burun bo‘limlari, tishlarning tuzilishini o‘rganish kerak.
«Qadimgi tuyaning bosh suyagi o‘lchami uning hozirgi qarindoshi bo‘lmish tuyaning bosh suyagi bilan deyarli bir xil, – dedi Gimranov. «Ammo biz, albatta, tishlarini o‘rganishimiz kerak bo‘ladi. Aynan tishlar boshqacha bo‘lishi mumkin, chunki qadimgi tuyalar boshqa turmush tarzi va ovqatlanish turiga moslashgan.»
Tadqiqotchilarning fikricha, 2,5 million yil oldin Tojikiston quruq cho‘l emas, balki savannaga o‘xshash landshaftlardan iborat bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter