Tojikistonda qor ko‘chkisi qurbonlari soni 15 kishiga yetdi
Tojikiston janubidagi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida sodir bo‘lgan qor ko‘chkisi qurbonlari soni 15 nafarga yetdi.
Qor ko‘chkisi bir necha hududda, jumladan, eng ko‘p qurbon bergan Xorug‘ shahridagi Nosir Xisrav mahallasida yuz bergan.
Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot markazi rahbari Umeda Yusufiy ko‘chkida qolib turli darajada tan jarohatlari olganlar soni 12 nafar ekanini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tabiat hodisasida 4 ta uy to‘liq, 35 ta uy va yana 5 ta maishiy ob’yekt esa qisman zarar ko‘rgan.
Yusufiy halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirib, aholidan qor ko‘chkisi bo‘lgan hududlarga chiqishdan tiyilishni, ogoh va ehtiyot bo‘lishlarini so‘ramoqda.
«Kecha kechqurun Vanj tumani Xaspo qishlog‘ining ikki fuqarosi qor ko‘chkisi ostida qolib halok bo‘lgan Sadvad ismli fuqaroning janozasiga – Texarv mahallasiga ketayotganida qor ko‘chkisi ostida qolgan. Ulardan birini olib chiqishga muvaffaq bo‘lindi, ikkinchisini qidiryapmiz», – deydi Yusufiy.
Avvalroq Qo‘mita kunlarning isishi va yog‘ingarchilik tufayli Tog‘li Badaxshonning g‘arbiy hududlarida, Hisor tizmasi tog‘larida, shuningdek, Dushanbe-Xorug‘, Dushanbe-Xo‘jand, Dushanbe-Lyaxsh va Xorug‘-Murg‘ob avtomobil yo‘llarida qor ko‘chkisi xavfi saqlanib qolayotgani haqida xabar bergan edi.
Ma’lumotlariga ko‘ra, 13-fevraldan 15-fevralgacha Tog‘li Badaxshon hududida qor ko‘chkisi bilan bog‘liq 27 ta holat qayd etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter