Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tojikistonda gumondor buyurtma asosida er-xotin tadbirkorlarni o‘ldirganini tan oldi

Tojikistonda gumondor buyurtma asosida er-xotin tadbirkorlarni o‘ldirganini tan oldi

Foto:«Imeyupravo.info»

Xo‘jandning «Panjshanba» bozoridagi do‘kon egalari bo‘lmish  Maqsudjon Muhammadjonov va Ibodat Ne’matulloyeva o‘tgan yilning 18-oktyabrida So‘g‘d viloyatining Bobojon G‘ofurov tumani Unji jamoatidagi o‘z uylarida o‘ldirilgan edi.

Qotillik yuzasidan hibsga olingan gumondor o‘z aybiga iqror bo‘lar ekan, tadbirkor er-xotinlar Xo‘jandda yashovchi Zafar ismli shaxsning buyurtmasi asosida o‘ldirilganini aytdi. Buyurtmachining nomi Tojikiston Oliy sudida 25-aprel kuni sudya Zafar Azizzoda raisligida boshlangan sud jarayonida e’lon qilindi.

Sud o‘rindig‘ida jinoiy guruhning olti nafar a’zosi o‘tiribdi. Bundan avval Ichki ishlar vazirligining matbuot kotibi Umarjoni Emomali jinoiy guruh tarkibiga Xo‘jand, Konibodom, Matcho va Vosey tumanlarida istiqomat qilib kelgan fuqarolar kirganini, ular Rudakiy tumanida sodir etilgan navbatdagi jinoyatdan so‘ng fosh etilganini ma’lum qilgan edi.

So‘g‘d viloyat IIBB boshlig‘i, general Qudratullo Nazarzoda 2-fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytishicha, mazkur fakt bo‘yicha tergov va qotillarni izlash jarayoni 4 oy davom etgan. «Jinoyatchilar tadbirkorning uyiga bostirib kirgan va er-xotinni skotch va sim bilan bog‘lab o‘ldirgan. Qotillar pullar qayerdaligini aniqlash maqsadida jabrdiydalarni kaltaklashgan, qiynoqqa solishgan», — degan edi Nazarzoda.

Tergovda aniqlanishicha, jinoyatchilar qurbonlarning uyidan 75 ming dollar va qimmatbaho buyumlarni olib ketishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring