Teylor Svift milliarderga aylandi
Amerikalik qo‘shiqchi Teylor Svift ilk bor milliarderlar ro‘yxatiga kirdi, deb xabar bermoqda Bloomberg. Xonandaning faoliyatidagi eng yirik Eras konsert gastroli tufayli uning boyligi 1 milliard dollardan oshdi.
To‘rt yil avval uning boyligi 185 mln bo‘lgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, xonandaning boyligi 2019 yildan beri quyidagicha ko‘paygan: 400 million dollar musiqa relizlari, 370 million dollar chiptalar va mahsulotlar savdosidan, 110 million dollar esa ko‘chmas mulkidan tushgan.
Qayd etilishicha, qo‘shiqchi nafaqat musiqa va chiqishlardan, shuningdek, sifatli marketing orqali boylik topgan sanoqli san’atkorlardan biriga aylandi. Agentlik shuningdek, xonandaning 2023 yilda o‘tkazgan 53 ta konserti AQSh yalpi ichki mahsulotini 4,3 milliard dollarga oshirganini ta’kidlaydi.
Bloomberg ta’kidlashicha, tur amerikaliklar pandemiya tugaganidan keyin jonli musiqaga pul sarflashga tayyor bo‘lgan paytda boshlandi. Sviftning konserti chiptasi o‘rtacha 254 dollar turadi, ikkilamchi bozorda narxlar yuqoriroq. Uning konsert gastroli doirasida yana 89 ta chiqishi bor.
Teylor Svift 33 yoshda. U 14 yoshidan musiqa yaratishni boshlagan, ilk albomlari kantri-pop uslubida yozilgan. Uning «Reputation» albomi bestseller bo‘ldi va AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda xit-paradlarda birinchi o‘rinni egalladi. U albomlari eng ko‘p sotilgan musiqachilardan biri. Spotify striming xizmatida esa eng ko‘p tinglanadigan qo‘shiqchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter