Tarixiy shaharning ozod etilishi – Ozarboyjonda muhim sana nishonlanmoqda

Keng ko‘lamli harbiy amaliyotning 24-kuni Zangilan shahri ozod qilingan.
Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi Zangilan shahri ozod qilinganining bir yilligini yodga oldi. Vazirlik bundan roppa-rosa bir yil avval – 2020-yil 20-oktyabr sanasida mamlakatning muzaffar qo‘shini Zangilan shahri uzra Ozarboyjon bayrog‘ini ko‘targanini qayd etgan.
Mazkur tarixiy shahar 1993-yilning oktyabr oyida Qorabog‘ urushi davrida Armaniston Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan va 27 yil davomida tan olinmagan «Tog‘li Qorabog‘ respublikasi» nazoratida bo‘lgan.
2020-yil 27-sentyabr kuni Ozarboyjon armiyasi okkupatsiya ostidagi shaharlarni ozod qilish bo‘yicha operatsiya boshladi va harbiy harakatlarning 24-kuni Zangilan shahri qaytarib olindi.
20 oktyabr sanasida Zangilan bilan birga Fuzuliy, Jabroil, Xo‘javand tumanining bir qator qishloq va qasabalari ham ozod qilingan. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev millatga murojaatida ma’lum qilgan.

Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi shahar-qishloqlarning qaytarib olinishini tarixiy adolatning tiklanishi deb atagan. Foto: «President.az»
Qayd etilishicha, chorak asrlik okkupatsiya davrida Zangilan shahri infrastrukturasi fatoratga yuz tutgan, tarixiy-madaniy obidalar, yodgorliklar vayron qilingan. Shuningdek, ko‘hna o‘rmonzorlar kesilgan, Oxchuchay daryosi ifloslantirilgan.
Ayni paytda Zangilan shahrida yirik qurilish loyihalari amalga oshirilmoqda, jumladan, aeroport va yo‘llar bunyod etilmoqda.
«Jug‘rofiy jihatdan qulay hududda joylashgan Zangilan transport va logistika markaziga aylanadi. Bu yerda aeroport qurilayotgani ham bejiz emas. Zangilan orqali, shuningdek, temiryo‘l va Naxchivon yo‘nalishida trassa barpo etiladi», – deydi prezident Ilhom Aliyev.
Rasmiy Boku Zangilan shahrining ozod etilishini muhim tarixiy hodisa deb biladi. Bu borada «Zangilanni ozod etgani uchun» medali ham ta’sis etilgan. Joriy yil 24 iyun kuni hududni ozod qilishda jasorat ko‘rsatgan 3435 nafar harbiy ushbu medal bilan taqdirlangan.
Umuman, 27-sentyabrdan boshlanib 44 kun davom etgan harbiy operatsiya davomida Ozarboyjon qariyb 30 yillik okkupatsiyaga barham berib, o‘z hududiy yaxlitligini tiklashga muvaffaq bo‘lgan. 10 noyabr sanasi mamlakatda G‘alaba kuni o‘laroq e’lon qilingan.
Prezident I.Aliyev 18-oktyabr – Ozarboyjon mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bergan bayonotida ham ikkinchi Qorabog‘ urushida erishilgan g‘alaba mamlakat va mintaqa tarixida yangi sahifa ochganini ta’kidlagan.
«Ozarboyjonni har jihatdan rivojlantirish va yanada mustahkamlash yo‘lidagi ko‘p yillik strategik harakatlarning mantiqiy natijasi tarixiy adolatning tiklanishi, Vatanimiz hududiy yaxlitligining ta’minlanishida namoyon bo‘ldi», – dedi Ozarboyjon yetakchisi.
I.Aliyev bu yo‘lda jon bergan harbiylarni ehtirom bilan yodga olib, g‘olib askarlarga minnatdorlik bildirgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter