Qorabog‘dan olib chiqilgan rus qo‘shini qayerga yo‘llanishi ochiqlandi
Rossiya Ozarbayjonning Qorabog‘ mintaqasida vaqtincha joylashtirgan tinchlikparvar kontingentini olib chiqishni boshlagani haqida xabar bergan edik.
BILD nashri eksperti Yulian Ryopke fikricha, Rossiya rahbariyati Qorabog‘dan chiqarilgan qo‘shinni Ukrainaga qarshi urushga safarbar qilishi mumkin.
Rossiya tinchlikparvar kontingenti 2020 yili Boku, Moskva va Yerevan o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolanishi ortidan Qorabog‘da vaqtincha joylashtirilgan edi. 2023 yil sentyabr oyidagi harbiy amaliyotdan keyin Ozarbayjon Qorabog‘ ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi va endilikda Rossiya harbiy kuchlari mintaqani tark etmoqda. Kelishuvga ko‘ra, rus harbiylari mintaqada kamida 2025 yilgacha qolishi kerak edi.
Rossiya harbiy kontingenti 1960 nafar harbiy xizmatchidan iborat. Qo‘shin, shuningdek, 90 ta bronetransportyor, 380 ta avtomobil va maxsus texnikaga ega.
So‘nggi vaqtlarda ekspertlar frontning old chizig‘ida Rossiya harbiylarining bronetransportyorlarga bo‘lgan talab-ehtiyoji oshib borayotganini aytmoqda. Qorabog‘dan olib chiqilgan texnika bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin.
Avval xabar berganimizdek, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ikki yildan ortiq vaqt davom etayotgan urushda Rossiyaga qarashli 7213 ta tank, 13873 ta zirhli jangovar mashina, 348 ta samolyot, 325 ta vertolyot va 33416 ta kema hamda bitta suv osti kemasi yo‘q qilingani haqida ma’lumot tarqatgan.
Urush sharoitida har ikki tomon tarqatayotgan ma’lumotlarning haqqoniyligini tezkor tarzda tekshirish imkonsiz, albatta. Ammo talafot va yo‘qotishlar sharoitida Rossiya ham, Ukraina ham qo‘shimcha askar va harbiy texnikaga muhtoj ekani shubhasizdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter