Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tarix va adolat Ukraina tomonida» – Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti

«Tarix va adolat Ukraina tomonida» – Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti

YeI oliy vakili Ukraina prezidenti V.Zelenskiy bilan.

Foto: Twitter/ Josep Borrell

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel Ukraina bosqini boshlanganiga bir yil to‘lishi arafasida qurolli ixtilofni bartaraf etish imkoniyatlari xususida mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Diplomat Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi sharoitida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirish lozimligini ham urg‘ulagan.  

«2022 yil 24 fevral Rossiyaning Ukrainaga shafqatsiz, asossiz va noqonuniy bosqini boshlangan kun sifatida abadiy yodda qoladi. Bu oshkora tajovuz va BMT Nizomini ochiqdan-ochiq buzish hodisasi edi va shunday bo‘lib qolaveradi. Bu «shunchaki Yevropa muammosi» yoki «G‘arb va qolganlarga qarshi» urush emas», – deydi J.Borrel.

Qayd etilishicha, yadroviy qurolga ega davlat, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi tomonidan noqonuniy kuch ishlatilishi ma’lum me’yorlarga ega dunyoda hech kim xavfsiz emasligini ko‘rsatdi. Binobarin, barchani hokimiyat siyosati, shantaj va harbiy hujumdan himoya qilish maqsadida xalqaro huquq hamma joyda tatbiq etilishi shart.

Qonli ixtilofga bir yil to‘lar ekan, odamlar urush jinoyatlari va vahshiylik tasvirlariga odatlanib qolishi, vazifa mushkul bo‘lgani tufayli vaqt o‘tib charchoq ustun kelishi, qat’iyat zaiflashishi xavflari mavjud. YeI bosh diplomati ta’kidicha, bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

«Chunki Rossiya har kuni BMT Nizomini buzib, imperialistik siyosati bilan butun dunyo uchun xavfli pretsedent yaratmoqda. Rossiya har kuni begunoh ukrainalik ayollar, erkaklar va bolalarni o‘ldirishda davom etmoqda, shaharlar va fuqarolik infratuzilmasiga raketalar yog‘dirmoqda. Rossiya har kuni yolg‘on va uydirmalarni tarqatishda davom etmoqda», – deya bugungi fojeiy manzaraga chizgi beradi J.Borrel.

Shunga ko‘ra, YeI va uning hamkorlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, noqonuniy tajovuzni to‘xtatish uchun Rossiyaga bosim o‘tkazish va dunyoning qolgan mintaqalariga urush oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ko‘maklashishdan iborat uch qismli strategiyaga sodiq qolishi lozim.

«Biz bir yildan beri shunday qilyapmiz va bu faoliyatimiz muvaffaqiyatli davom etmoqda. Misli ko‘rilmagan sanksiyalarni joriy etdik; Rossiyaning qazib olinadigan yoqilg‘isiga bo‘lgan qaramligimizni to‘xtatdik; asosiy sheriklar bilan yaqin hamkorlikda Kreml o‘z agressiyasini moliyalash uchun oladigan energiya daromadlarini 50 foizga qisqartirdik. Birgalikda ishlagan holda, biz oziq-ovqat va energiya narxlarining pasayishi bilan global to‘lqin ta’sirini qisman birdamlik yo‘laklarimiz va Qora dengiz g‘alla tashabbusi tufayli yengillashtirdik», – deydi siyosatchi.

Ayni choqda, «Ukraina o‘zini himoya qila olishini xohlaymiz» degan istakning o‘zi yetarli emas, buning uchun vositalar ham kerak.

«Shunday qilib, YeI birinchi marta hujumga uchragan davlatga qurol yetkazib berdi. YeI hozirda ukrainalik xarbiylar o‘z davlatlarini himoya qilishi uchun harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yetakchi ta’minotchi hisoblanadi. Shuningdek, biz Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun muhim makromoliyaviy va gumanitar yordamni taklif qilmoqdamiz. Biz Ukrainaning YeIga qo‘shilish so‘roviga ijobiy javob berishga qaror qildik. Nihoyat, biz Rossiya sodir etgan harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikni ta’minlash ustida ishlayapmiz», – deya mulohazalarini davom ettiradi YeI oliy vakili.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina qisman ushbu ko‘mak tufayli matonat namunasini ko‘rsatdi. Rossiya esa global sanksiyalar va BMT Bosh assambleyasidagi davlatlarning mutlaq ko‘pchiligi qoralovi tufayli yanada yakkalanib qoldi. Taraqqiyparvar hamjamiyatning umumiy maqsadi esa demokratiya hukmronlik qiladigan Ukrainadan bosqinchini quvib chiqarish, uning to‘liq suverenitetini tiklash va xalqaro qonuniylikni tiklashdir.

«Biz, eng avvalo, Ukrainada BMT Nizomi va xalqaro huquq normalariga mos keladigan keng qamrovli va mustahkam tinchlik o‘rnatilishini istaymiz. Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va tinchlikka erishish mushtarak maqsaddir», – deya masalaga oydinlik kiritadi J.Borrel.

Tajribali diplomat rus bosqinining Markaziy Osiyoga ta’siriga ham munosabat bildirgan.

«Rossiyaning tajovuzkor revizionizmi va uning keng ko‘lamli beqarorlashtiruvchi harakatlari – Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham ta’sir qiluvchi global tahdiddir. Biz o‘tmish merosini qo‘zg‘atishga urinayotgan Rossiya tashviqot mashinasining ta’siri, axborotni manipulyasiya qilish va chet el aralashuvi bo‘yicha sanoat miqyosidagi sa’y-harakatlarni ko‘rdik. Shuning uchun YeI ushbu tahdidga qarshi kurashmoqda va biz hamkorlarimizning yordamiga ishonamiz», – deydi u.

J.Borrel fikricha, Rossiya istilosi Yevropa va Markaziy Osiyo uchun haddan tashqari qaramlikdan ehtiyot bo‘lish zarurligini yana bir karra ko‘rsatib berdi. Demak, barqarorlik va ochiq jamiyat g‘oyasidan YeI ham, Markaziy Osiyo ham birdek manfaatdor. Bundan tashqari, barqaror tiklanish va «yashil» o‘zgarishlarni ta’minlash, fuqarolarni terrorizm, giyohvandlik moddalari, qurol va odamlar savdosi kabi tahdidlardan himoya qilish kerak. YeIning mintaqani hamkorlik uchun ochiq maydon sifatida saqlab qolish istagi ham shu jihatlar bilan izohlanadi.

«Tarix va adolat Ukraina tomonida. Ammo tarix maromini tezlashtirish va adolatga erishish uchun biz «uchlik strategiyamiz»ni kuchaytirishimiz kerak. Bu jamoaviy vazifa ekanligini bilamiz. Shu bois YeI barcha hamkorlarini tajovuz barbod bo‘lishi va xalqaro huquq ustuvor bo‘lishini ta’minlash uchun birgalikda mas’uliyat va hamjihatlik ruhida harakat qilishga chaqirmoqda», – deya xulosa qiladi J.Borrel.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring